O‘zbekiston | 13:07 / 19.07.2023
28082
3 daqiqa o‘qiladi

Abduqodir Mo‘minov ishi bo‘yicha sud majlisi 25 iyulda boshlanadi

U jinoyat kodeksining 5 ta moddasi bilan ayblanmoqda. Ishda 14 nafar jabrlanuvchi mavjudligi va ularga jami 903 mln so‘m moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Abduqodir Mo‘minovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ilk sud majlisi 25 iyul kuni soat 15:00 da jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida boshlanadi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Bloger Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan ayblanmoqda:

  • 141-1-modda (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi «a », «b» bandlari;
  • 165-modda (Tovlamachilik) 3-qismi «a» bandi;
  • 168-modda (Firibgarlik) 3-qismi «b», «v» bandlari, 4-qismi «a» bandi;
  • 189-modda (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi;
  • 28-211-modda (Pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi «a» bandi.

Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 421 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi raisi Sardorbek Sodiqov raisligida ko‘rib chiqiladi. Ushbu sudya muqaddam Toshkentda 17 yashar qizga tekajoqlik qilgan erkak ishi, shuningdek Miraziz Bozorov ishi singari shov-shuvli keyslarda sudyalik qilgan.

Oliy sud xabarida keltirilishicha, Abduqodir Mo‘minov 1990 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, «Oynaga qarang» MChJ rahbari, muqaddam sudlanmagan.

U 2023 yil 8 fevralida hibsga olingandi. Toshkent shahar IIBB Abduqodir Mo‘minov firibgarlik va tovlamachilikda gumonlanayotani, internetda video tarqatish orqali jinoyat ishini hal qilib berish uchun 10 ming dollar so‘rab, shundan 3800 dollarini olgani, boshqa bir holatda esa sahifasida tanqidiy videoni chiqarmaslik evaziga 70 ming dollar so‘ragani haqida xabar bergan.

Oliy sud axborotida, Abduqodir Mo‘minov ishi sudda ochiq yoki yopiq tarzda ko‘rilishiga oid ma’lumot keltirilmagan.

Mavzuga oid