O‘zbekiston | 12:43 / 03.02.2022
6025
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda fuqaroga 15 kun muddatda «prava» olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi

Sirdaryo viloyati Guliston tumanida fuqaroga 15 kun muddatda haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Guliston tumani bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda, fuqaro I.B. fuqaro M.ga o‘quv darslari va imtihonga qatnashmasdan “S.” ismli tanishi orqali “V”, “S” toifadagi haydovchilik guvohnomasini 15 kun muddatda olib berish evaziga 350 dollari olgan vaqtida ushlangan. Uning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda, I.B.ning sherigi M.Sh. 250 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev avtomaktablar bo‘yicha bosh prokuror va vazirlarga topshiriqlar bergandi.

26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident yo‘l harakati qoidalari buzilishi va avariya holatlari keskin oshayotganiga e’tibor qaratdi. Prezident haydovchilik guvohnomasi olishda poraxo‘rlik odatiy holga aylanganini tanqid qildi.

«Shu o‘rinda, bir muhim masalaga barchaning e’tiborini qaratmoqchiman. Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Mana biz o‘qiganmiz, uch yil o‘qitardi. Hozir 3 oy o‘qiyapti, yana bormasdan guvohnoma olyapti. Nima, O‘zbekistonda qonun yo‘qmi? Shuning uchun, avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda. Agar biz o‘zimiz tan olmasak, chora ko‘rmasak, davom etaveradi.

Bu muammoni bartaraf qilish uchun, Davletov, Bobojonov, Yo‘ldoshev, avvalo o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, ikkinchidan, o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan guvohnoma berish «jinoyati»ga qarshi jazoni kuchaytirish bo‘yicha, bir oy muddatda qonunchilikka qo‘shimcha kiritish yuzasidan taklif kiritsin», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid