Anomal sovuqqa qanday tayyorgarlik ko‘rildi?
Toshkent shahar hokimi sovuq ob-havo tufayli 9-18 yanvar kunlarida markaziy va ichki yo‘llarni tezkorlik bilan qor va muzlamalardan tozalash tashkil qilinishi, shahar jamoat transportining tizimli ishlashi choralari ko‘rilishi, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning uzluksiz ishlashi ta’minlanishini va’da qilgandi. Bundan tashqari, shu kunlari shahar va tuman hokimliklarida, boshqarmalarda har qanday majlislar taqiqlandi.

Shu bilan birga, Jahongir Ortiqxo‘jayev boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ko‘p qavatli uylar yo‘laklarini qor va muzlamalardan o‘z vaqtida tozalash ta’minlanishi, elektr tizimidagi avariyalar tezkor bartaraf etilishi, tug‘uruqxonalar, shifoxonalar, muruvvat va mehribonlik uylaridagi elektr generatorlari to‘xtovsiz ishlashi uchun yetarli yoqilg‘i bilan ta’minlanishi, navbatchilik, shtablar va call-markazlar faoliyatidagi aloqa telefonlarining uzluksiz ishlashi nazoratga olinishi, ko‘chada xizmat qilayotgan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va obodonlashtirish xodimlari issiq choy va yegulik, ixcham termos idishlari bilan ta’minlanishini ta’kidlagandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uylarning yo‘laklari oldiga qumli, tuzli qorishmalar qopga solib qo‘yib ketilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ulardan yo‘laklarda yaxmalak hosil bo‘lganda muzlarni eritish, sirpanchiqliklarning oldini olish maqsadida foydalanish ko‘zda tutilgan.
Aytishlaricha, 7 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Bosh vazir Abdulla Aripov pod’yezdlarda qordan keyin muz paydo bo‘lsa, uni eritish uchun tezkor chora ko‘rish maqsadida shunday topshiriq bergan.





























