Germaniyada ish o‘rinlari, o‘qituvchilar haqida qonun va sotilgan Magic City - hafta dayjesti
Germaniya o‘zbekistonliklar uchun 50 mingta ish o‘rnini taklif qilmoqda. Vatandoshlarimiz endi Qozog‘istonda 1 oy registratsiyadan o‘tmay yashashi mumkin. Ochilboy Ramatovning kompleksi prezident tanqidiga uchradi. MTRKning 20 yillik rahbari ishdan olindi. O‘tgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Qozog‘istonda – 30 kungacha registratsiyasiz
O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘iston hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lib turish muddati 5 kundan 30 kunga uzaytirildi. Xuddi shunday tartib O‘zbekistonga kelgan qozog‘istonliklar uchun ham amal qiladi. Shu bilan birga, fuqarolarning qo‘shni mamlakatda vaqtincha bo‘lib turish muddati 6 oy davomida jami 90 kundan oshmasligi kerak. Bu haqdagi kelishuvni 31 yanvar kuni Qozog‘iston parlamenti tasdiqladi.
Ikki davlat o‘rtasidagi tegishli bayonnoma Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning 2022 yil dekabr oyida Toshkentga tashrifi vaqtida imzolangan edi. O‘zbekiston Oliy Majlisi hujjatni 2023 yil aprel oyida ratifikatsiya qilgan.
Ikki yil oldingi tashrif vaqtida imzolangan yana bir hujjatni ham Qozog‘iston parlamenti ma’qullashi kutilyapti. Bu – o‘zaro munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish haqidagi shartnoma. O‘zbekiston tomoni shartnomani 2023 yil oxirida ratifikatsiya qilgan. Rasmiy Ostona ham buni tasdiqlagach, ikki respublika rasman ittifoqchi davlatlarga aylanadi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasini demarkatsiya qilish jarayoni yakunlangan, ikki davlat mahkumlarni almashish to‘g‘risidagi bitimni ham tasdiqlagan edi.
Germaniya va Koreyada – ish o‘rinlari
Germaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun 50 mingta ish o‘rnini taklif qilyapti. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi e’lon qildi. Unga ko‘ra, Germaniyada hamshiralik, yuk mashinasida haydovchilik, yuk mashinalari va qishloq xo‘jaligi mashinalariga texnik xizmat ko‘rsatish, mehmonxona, restoran, turizm, hunarmandchilik, mexatronika, qurilish va boshqa sohalarga qariyb 50 ming nafar o‘zbekistonlik ishga olinadi.
Agentlikka ko‘ra, nomzodlar til bilish darajasiga qarab to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki dual ta’lim orqali ishga jalb etiladi. Dual ta’lim orqali ishga borganlarga 1000 yevrodan, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga qabul qilinganlarga esa 2000 yevrodan boshlanuvchi maosh taklif etiladi. Til bilmaydigan, lekin saralab olingan nomzodlar avvaliga shu yerning o‘zida nemis tiliga o‘qitiladi. Talabgorlar Migratsiya agentligining onlayn so‘rovnomasini to‘ldirish orqali ariza berishi mumkin.
Bundan tashqari, Bandlik agentligi Janubiy Koreyaga 37 ming nafar ishchi yuborilishini ham e’lon qildi. Vazirlikka ko‘ra, buning uchun yil davomida ilk marta 100 ming kishi tanlovlarga jalb etiladi. Ular orasidan saralab olingan 37400 kishi ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida ishlash uchun Koreyaga yuboriladi. Maoshlar o‘rtacha 2000-2500 dollar bo‘lishi aytilmoqda.
Buning ortidan, bandlik vaziri Behzod Musayev Kanadaning O‘zbekistondagi elchisi Alam Xemson bilan uchrashgani ma’lum qilindi. Unda o‘zbekistonliklarni Kanada mehnat bozoriga jalb etish masalasida muzokara o‘tkazilgan. Ikki davlatning xususiy rekruting kompaniyalari o‘rtasidagi aloqa o‘rnatish, fuqarolarni Kanadaga yuborish va viza olish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan. Avvalroq Polsha O‘zbekistonni mehnat bozoriga kirish osonlashtirilgan davlatlar ro‘yxatiga qo‘shishi mumkinligi, Qatar bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha bitim tasdiqlangani, bu yo‘nalishda Bolgariya bilan ham muzokaralar o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Agar aytilayotgan harakatlar to‘liq amalga oshsa, mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini inson qadri baland mamlakatlar hisobiga diversifikatsiya qilishda muhim qadamlar tashlangan bo‘ladi. Asosiysi, O‘zbekiston hukumati, Migratsiya agentligi va xorijdagi o‘zbek diplomatiyasi bu imkoniyatlardan maksimal foydalanish choralarini ko‘rishi kerak. Ya’ni haqiqatan ham kamida 84 ming vatandoshimiz Germaniya va Koreyaga ishlagani borishi, yana boshqa davlatlar bilan ham shunday hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi juda ham muhim.
Buni alohida ta’kidlashimizning sababi shundaki, bir necha kun oldin prezident Shavkat Mirziyoyev bu sohadagi mas’ullarning faoliyati qoniqarsizligini alohida ko‘rsatib o‘tgan edi. “Yevropa, Osiyoning rivojlangan mamlakatlari bilan juda katta kelishuvlar doirasida 150 ming ishchiga buyurtma berilgan bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 9 ming ishchi yuborildi”, – degandi davlat rahbari 16 yanvar kungi selektorda. Prezident tegishli kamchiliklarni bartaraf etib, 100 ming ishchiga kasb-hunar va til o‘rgatib, ularni uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborish vazifasini qo‘ygan.
Shavkat Mirziyoyev shu hafta bo‘lib o‘tgan selektorda ham migrantlar masalasiga to‘xtaldi. Prezidentning aytishicha, pandemiya paytida temiryo‘l qatnovlari 2 barobarga qisqargani oqibatida odamlar chet elga mashina yoki avtobusda ketishga majbur bo‘lyapti, natijada qish oylarida xorijiy davlatlarda o‘zbekistonliklar ishtirokidagi avtohalokatlar ko‘paygan. Shu munosabat bilan mas’ullarga chet ellik hamkorlar bilan muzokara o‘tkazib, temiryo‘l qatnovlari sonini pandemiyagacha bo‘lgan darajaga qaytarish vazifasi yuklatildi.
Shu o‘rinda, xorijga ishga jo‘natishni va’da qilayotgan firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqiramiz. Kuni kecha Samarqand va Jizzax viloyatlarida odamlarni Angliya va Polshaga ishga yuborishini aytib pul olgan shaxslar ushlandi. Ma’lumot uchun, litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari ro‘yxatini Bandlik vazirligining saytidan topish mumkin.
Prezident: “Shahar – piyodalar uchun”
Dushanba kuni prezident huzuridagi selektorda bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning kompleksi – qurilish, kommunal xo‘jalik, transport va ekologiya masalalari ko‘rib chiqildi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, bu kompleks odamlar eng ko‘p norozi bo‘lib murojaat qiladigan sohalardan biri bo‘lib qolyapti.
Yig‘ilishda prezident Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklar sababli to‘rt nafar rahbarga nisbatan intizomiy chora ko‘rishni buyurdi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov va “Toshshahartransxizmat” raisi Anvar Jo‘rayevga hayfsan e’lon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi.
Shavkat Mirziyoyev jamoat transportidagi muammolar yetarlicha hal qilinmagani, natijada Toshkentda hatto 10 ballik tirbandliklar ham kuzatilayotganini aytdi.
“Shaharsozlik va yo‘l harakatiga mas’ul barcha bo‘g‘indagi rahbarlar “Shahar – piyodalar uchun” degan shiorni o‘zining asosiy tamoyili qilib olishi shart. Bunda, jamoat transportiga har tomonlama ustunlik berilishi, avtomobillar esa hashamatga aylanishi kerak”, – dedi davlat rahbari.
Prezident havo ifloslanishi haqida ham so‘z yuritib, bunga transport, sanoat va qurilishlar bilan bog‘liq kompleks omillar sabab bo‘layotganini aytdi. Yil oxirigacha 112 ta yirik sanoat korxonasi va barcha sement zavodlarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish va eskilarini almashtirish kerakligi ta’kidlandi. 1 apreldan boshlab hududlarning havo, suv va atrof-muhit ifloslanish darajasini ko‘rsatuvchi reyting joriy etiladi. Shuningdek, havo sifatini monitoring qiluvchi stansiyalar ham ko‘paytiriladi.
Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripovga respublikada kelasi yildan boshlab Ai-80 benzinidan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish masalasini topshirdi. Bundan tashqari, og‘ir yuk mashinalari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshgan avtomobillar va Yevro-4 standartidan past yonilg‘i ishlatishning atrof-muhitga zararini kamaytirish mexanizmlari ishlab chiqiladi. Shuningdek, aholi eletromobillarga o‘tishga rag‘batlantiriladi. O‘tgan yili poytaxtga mingta avtobus olib kelingan bo‘lsa, endi joriy yil oxirigacha viloyatlarga 1200 ta avtobus olib kelish vazifasi qo‘yildi.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning parlamentdagi chiqishida aytishicha, Toshkent shahri havosidagi PM2,5 zarralarining 60-65 foizi Ai-80 benzinida yuradigan avtotransport vositalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ifloslanishning yana 15-20 foizi Qozog‘iston va O‘zbekistonning cho‘llangan hududlaridan uchib kelayotgan chang zarralari, yana 20 foizi ko‘mir, mazut va sanoat korxonalari bilan bog‘liq, dedi Abduhakimov. U yangi sement zavodlarini qurish to‘xtatilishini ham aytdi. Ekologiya vazirligining o‘rganishlariga ko‘ra, respublikada mavjud 47 ta sement zavodidan 23 tasining faoliyati ekologik talablarga javob bermagani yoki boshqa sababga ko‘ra to‘xtatilgan, ishlab turgan zavodlarning ham 90 foizi ekologik talablarga javob bermaydi. “Bu bo‘yicha har bir korxonaga tegishli ogohlantirish berdik”, – dedi Aziz Abduhakimov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri atrofida yashil belbog‘ emas, kulrang belbog‘ paydo bo‘lgan. Bunga ko‘mirga o‘tgan issiqxonalar sabab qilib ko‘rsatilyapti.
“Shahar atrofida 1300 dan ortiq issiqxonalar bo‘lib, ularning ko‘plari ko‘mirda isitishga o‘tgan. Lekin ming afsuski, ular ekologik ekspertiza xulosasida ko‘rsatilganidek filtrlar o‘rnatmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘mirlarni yoqib, havoga juda ko‘p zararli moddalar chiqaryapti”, – dedi u.
Oxirgi xabarlarga qaraganda, poytaxt ustini qoplab olgan tutunda “Toshkent” issiqlik elektr stansiyasinining hissasi katta bo‘lgan. Ekologiya vazirligi elektr ishlab chiqarishda gazni tejash maqsadida mazut yoqib atrof-muhitni ifloslantirgani uchun stansiya zimmasiga 1 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lash majburiyatini yukladi. Bundan tashqari, IESga 16 ta banddan iborat majburiy ko‘rsatmalar berilgan. “To‘plangan hujjatlar huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan IES mansabdor shaxslariga tegishli chora ko‘rish maqsadida sud organlariga yuborilmoqda”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Albatta, bu o‘rinda stansiya mansabdorlari faqatgina topshiriqning ijrochisi bo‘lgani tushunarli. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qish kirib kelishi oldidan parlamentda bergan hisobotida, elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti uchun o‘tgan yilgidan 10 barobar ko‘p mazut zaxirasi yaratilayotganini aytgandi. “O‘tgan yili 22 noyabr holatiga IESlarimizda 46 ming tonna mazut zaxirasi bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 340 ming tonnadan ortiq mazut zaxirasi yaratildi. Yil oxirigacha bu zaxira 500 ming tonnaga yetkaziladi”, – degandi Mirzamahmudov.
Korrupsiyaga qarshi kurash
O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash reytingidagi o‘rnini 5 pog‘onaga yaxshiladi. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, Transparency International'ning Korrupsiyani sezish indeksida mamlakatimiz 5 pog‘ona yuqorilab, 180 ta davlat orasida 121-o‘rinni egalladi. Indeks mezonlariga asosan, O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurashish darajasi 100 ballik shkalada 33 ballga baholangan. Bu – bir yil oldingiga qaraganda 2 ballga yuqori.
Ayni paytda, Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, o‘tgan yili 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, bu 2022 yilga nisbatan 15 foizga ko‘p. Ayni paytda, jinoiy javobgarlikka tortilgan respublika darajasidagi amaldorlar soni 2 barobarga – 110 nafardan 49 nafarga kamaygan. Mansabdorlar o‘rtasida eng keng tarqalgan jinoyat turi – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bo‘lib qolmoqda.
Hafta davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati Mingbuloq tuman sudi raisi 2 ming dollar pora olayotganda ushlandi. U bu pullarni sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlash evaziga so‘ragani aytilyapti. Buxoroda esa Energoinspeksiyaning viloyat boshqarmasi mansabdori 50 ming dollar pora olayotganda qo‘lga tushdi. Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, u viloyatdagi benzin shoxobchalaridan biriga litsenziya berish va 2024 yilda nazorat organlari tomonidan tekshirish e’lon qilinganda oldindan ogohlantirish uchun 100 ming dollar talab qilgan va bu pullarning yarmini olayotganida ushlangan.
Jahongir Ortiqxo‘jayev: “Magic City'ni sotdim”
Toshkentning sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev Crafers, Mediapark va Magic City kabi 7 ta yirik kompaniyasini sotganini ma’lum qildi. Bu haqda u 1 fevral kuni Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan “Biznes marafon”da aytib o‘tgan.
“Crafers'ni sotdim, chunki bu sohada obro‘ qozona olmadim, oziq-ovqat ishlab chiqarishni eplay olmaydim. Mediapark'ni hamma magazinlari bilan sotdim – kim ishlayotgan bo‘lsa, o‘shanga sotdim. Ecobozor'ning bittasini sotdim. Akfa Lighting'ni sotdim. Magic City'ni sotdim. Basalt'ni ham nemislarga – Knauf'ga sotdim. Aytmoqchimanki, 5 yilda o‘zimni o‘zim bir “tozalab” olaman. Kerak emasmi, unga qiziqmayapmanmi, unga pul tikmayapmanmi – sotaman. Va yana boshqa ochaveraman. Yaxshisini olib qolib rivojlantiraman, qolganlarini tozalab tashlayveraman”, – dedi sobiq hokim.
Jahongir Ortiqxo‘jayev sanab o‘tganlari qatorida Magic City jamoatchilikning ko‘proq e’tiborini tortdi. Shu nomdagi ko‘ngilochar park 2017-2021 yillar oralig‘ida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida qurilgan. Ochiq manbalarga ko‘ra, “Magic City” savdo belgisining ilk egasi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli J-United Group kompaniyasi bo‘lgan. Hozir bu savdo belgisiga nisbatan huquqlar “Stargate Systems” MChJga tegishli. Avvalroq Ortiqxo‘jayevning AKFA guruhi tarkibiga kirgan bu kompaniyaga Milliy bog‘ning 20 gektardan ortiq hududi 49 yilga ijaraga berilgan.
Hozirda Stargate Systems to‘liqligicha Abduvohidov Alisher Abdujabborovichga tegishli. U bog‘ masalasidagi muhokamalardan keyin murojaat bilan chiqib, parkni emas, parkni boshqaruvchi kompaniyani sotib olgani, ijara muddati tugaganidan keyin park to‘liq davlat ixtiyoriga qaytarilishini aytdi. Alisher Abduvohidov o‘zini tanishtirib, uzoq yillar Akfa kompaniyasida ishlagani, Jahongir Ortiqxo‘jayev esa ukasining qaynotasi ekanini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jayevning aytishicha, avvalroq stadioni bilan qo‘shib sotuvga qo‘yilgan “Paxtakor” futbol klubini Jahongir Ortiqxo‘jayev sotib olib, stadion atrofini parkka aylantirmoqchi bo‘lgan. Eslatib o‘tamiz, jamoatchilik vakillarining stadionni klubga qo‘shib sotmaslik kerakligi haqidagi chiqishlaridan keyin “Paxtakor”ni xususiylashtirish jarayoni vaqtincha to‘xtatilgan edi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Shu tariqa, o‘qituvchilarni obodonlashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish qonun bilan taqiqlab qo‘yildi. Pedagoglar mansabdor shaxslar ustidan sudga shikoyat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etildi. Shu hafta e’lon qilingan 2024 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, sentabr oyidan boshlab milliy sertifikatga ega ona tili va adabiyot hamda tarix o‘qituvchilariga 50 foizlik ustama to‘lanadi.
2023 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 14 foizdan 11 foizga tushgani ma’lum qilindi. Ya’ni o‘tgan yili har o‘n nafar o‘zbekistonlikdan kamida bir nafari oyiga 568 ming so‘mdan kam daromad topgan. 2024 yildan boshlab kambag‘allik chegarasi 621 ming so‘m deb belgilanganidan kelib chiqib, 1 fevraldan e’tiboran 5 xil turdagi nafaqalar miqdori shunga tenglashtirildi. Yana bir ma’lumot: Statistika agentligiga ko‘ra, o‘tgan yili kichik biznes va qishloq xo‘jaligi sohalarini hisobga olmaganda, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 4 mln 551 ming so‘m bo‘lgan. Sohalar kesimida tibbiyot va ta’limdagi oyliklar eng past darajada qolyapti.
1 fevraldan “Tashabbusli budjet”ning bu yilgi ilk mavsumiga start berildi. Birinchi bosqichda “Open budget” portaliga takliflarni 20 fevralgacha kiritish mumkin. Bu mavsumdan boshlab loyihada “bir fuqaro – bir ovoz” prinsipi joriy etilgan. Unga ko‘ra, fuqaroning shaxsi uning SIM-kartasi orqali identifikatsiya qilinadi, bir kishining nechta SIM-kartasi borligidan qat’i nazar, u faqat bir marta ovoz bera oladi. Bundan tashqari, endilikda bajarilgan ish sifati bo‘yicha tashabbuskorlarning roziligini olmay turib, loyihalar foydalanishga qabul qilinmaydi.
Boqiy Buxoro madaniy-etnografik parki dastlabki rejalashtirilgan joyida quriladigan bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimi Botir Zaripov 31 yanvar kungi matbuot anjumanida e’lon qildi. Loyihani amalga oshirish uchun shahar markazidagi 32,6 gektar maydonda joylashgan stadion, hokimlik va boshqa ma’muriy binolar buzilib, boshqa joyga ko‘chiriladi. Eslatib o‘tamiz, bu masala bir yil oldin jamoatchilik e’tirozlaridan keyin to‘xtatilgan, YuNeSKO turizm markazini tarixiy shaharning bufer zonasida qurmaslikka chaqirgan edi.
Hafta davomida bir qator lavozim tayinlovlari amalga oshirildi. Milliy teleradiokompaniya – MTRKni salkam 20 yil boshqargan Alisher Xo‘jayev iste’foga chiqarilib, o‘rniga bosh vazir kotibiyati rahbari bo‘lib ishlab kelayotgan Abdurashid Jo‘raboyev tayinlandi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov oliy ta’lim vaziri lavozimini egalladi. 5 yildan beri bo‘sh qolayotgan lavozim – Hisob palatasi raisligiga esa iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyev tayinlandi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov Ma’naviyat va ma’rifat markaziga rahbar bo‘ldi. Markazning avvalgi direktori Minhojiddin Mirzo Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi. U o‘tgan hafta O‘zbekistonda xorij propaganda kanallarini darhol taqiqlash kerakligini aytgani bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi.
Mavzuga oid
23:05 / 31.12.2024
Yil yakunlari: O‘zbekiston 2024 yilni qanday o‘tkazdi?
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
21:00 / 07.12.2024