O‘zbekiston | 21:31 / 07.09.2022
13557
5 daqiqa o‘qiladi

ShHT sammiti vaqtida Samarqandda 8 ta avtobus yo‘nalishi harakatlanadi, masjidlar va oshxonalar yopilmaydi

Samarqand davlat chet tillar instituti faollar zalida Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan viloyat IIB tezkor shtabiga fuqarolardan tushayotgan savollar yuzasidan vakolatli davlat tashkilotlari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Faqat 8 ta avtobus yo‘nalishi harakatlanadi

Avvalroq 14-17 sentabr kunlari shahardagi Ibn Sino, Bo‘stonsaroy, Universitet xiyoboni, G-34, Sadriddin Ayniy, Registon, Ro‘dakiy, Shohi Zinda, Usta Umar Jo‘raqulov, Islom Karimov, Afrosiyob, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Gulobod, Muqimiy, Dahbed ko‘chalarida transport harakati vaqtincha cheklanishi aytilgandi. Matbuot anjumanida ishtirok etgan transport vaziri matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovning aytishicha, bu ko‘chalarda jamoat transporti harakatiga ham cheklov o‘rnatiladi.

Samarqand shahrida faqat 9 ta yo‘nalishdagi avtobuslar harakatni davom ettiradi. Ya’ni 4, 7, 15, 24, 37, 74, 93 va 99-avtobuslar harakatlanish cheklangan ko‘chalarda yo‘nalishini o‘zgartirgan holda harakatlanishda davom etadi. Qolgan 28 ta avtobus yo‘nalishi harakati vaqtincha cheklanadi. 14-17 sentabr kunlari ikkita yo‘nalishdagi tramvay harakati ham cheklanadi.

Harakatlanish uchun yopiladigan ko‘chalarda yo‘nalishsiz jamoat transporti kabi yo‘nalishsiz taksilar harakati ham cheklanadi. Ammo yopiq yo‘llarda tez yordam yoki boshqa favqulodda xizmat mashinalari harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Matbuot anjumanida Toshkent – Termiz avtomobil yo‘lida («betonka») avtomobillar harakatlanishi tasdiqlandi. Janubiy viloyatlardan Samarqandga yoki Toshkentga kelayotgan mashinalar trassaning Toyloq va Samarqand tumani hududidagi qismiga o‘tadigan joydan boshqa yo‘nalishga o‘tkazib yuboriladi. Chunki ShHT sammiti o‘tkaziladigan sayyohlik markazi aynan Toshkent – Termiz katta trassasi bo‘yida joylashgan.

Anjumanda qatnashgan IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas’ulining aytishicha, trassaga Samarqand tumani va Toyloq tumanidan chiqadigan kichik ko‘chalar ham vaziyat taqozo qilgan vaqtda yopiladi, shu sabab kerakli to‘siqlar ko‘chalar bo‘yicha tayyorlab qo‘yilgan. IIB mas’uli nega Kitob va Shahrisabz tomondan kelayotgan haydovchilarga Urgut – Bulung‘ur yo‘li qo‘shimcha yo‘l sifatida tavsiya qilinmaganiga izoh berar ekan bu umumfoydalanuvdagi yo‘l emasligini ma’lum qildi.

Juma namozi o‘qiladimi?

Matbuot anjumanida Samarqand shahridagi masjidlar faoliyati bilan bog‘liq savol ham berildi. Chunki sammit o‘tadigan 16 sentabr juma kuniga to‘g‘ri keladi. Bu kuni shahardagi masjidlarda juma namozi o‘qilishi yoki yo‘qligi borasida haligacha aniq ma’lumot berilmagandi. Musulmonlar idorasida Samarqand bo‘limi mas’ulining aytishicha, shahardagi masjidlarda juma namozi o‘qiladi, bu borada hozircha qandaydir cheklov ko‘zda tutilmagan. Ammo ShHT sammiti o‘tadigan sayyohlik markazi yaqinidagi masjidlarda sharoit juma namozi o‘qilmasligini taqozo qilsa, jamoat yaqindagi boshqa masjidga yo‘naltiriladi. Bunga tayyorgarlik ko‘rilgani aytildi. Shuningdek, masjidlar bilan bog‘liq yana batafsil va rasmiy axborot berilishi ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, sayyohlik markazi yaqinida Samarqanddagi eng katta masjidlardan biri bo‘lmish Imomi A’zam nomidagi jome masjidi joylashgan.

Mujmal javoblar

Matbuot anjumanida OAV vakillari ShHT sammiti vaqtidagi cheklovlar bo‘yicha to‘liq ma’lumot olib, uni o‘z auditoriyasiga yetkazishni maqsad qilgandi. Ammo vazirlik va idoralar vakillari ko‘pchilik samarqandliklarni qiziqtirayotgan muhim savollarga javob bera olishmadi.

Masalan, shu kunlarda Samarqandda 17 senyatbrgacha to‘y qilish taqiqlangani, to‘yxonalarga bu kunlarda ishlamaslik to‘g‘risida aytib chiqilgani haqida mish-mishlar tarqalmoqda. Faxriy jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev bu borada aniqlik kiritilishini so‘rab savol berdi. Avvaliga «SES» vakili oshxonalar faoliyati to‘xtatilmasligi, yopilishi mo‘ljallangan ko‘chalarda ham oshxona, restoranlar ishlashda davom etishini aytdi.

Ammo jurnalist restoranlarga allaqachon ishlamaslik aytilgani, bunday bayonotlar odamlarni chalg‘itishini ta’kidlagach, Samarqand «SES» vakili chindan oshxonalar faoliyatini cheklash kerakligi, bu borada hali aniq ko‘rsatma berilmaganini aytdi. Xullas, samarqandliklarni qiziqtirayotgan bu masala mavhumligicha qoldi.

Samarqand shahrida ShHT sammiti vaqtida amalda bo‘ladigan cheklovlar haqida sammit boshlanishi arafasida yana ma’lumot berilishi qo‘shimcha qilindi.

Matbuot anjumani tugagach, Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati ham bayonot berib, shahardagi tibbiyot muassasalari, oshxona, restoranlar faoliyati odatdagiday davom etishi, masjidlar yopilishi ham ko‘zda tutilmaganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid