Tomdan tarasha tushgandek hayratlanarli qarorlari bilan ajablantiradigan UzAuto Motors navbatdagi syurprizi bilan xalqni «siyladi». 19 yanvarga qadar imzolangan shartnomalar bo‘yicha «Chevrolet Lacetti» va «Cobalt» avtomashinalari egalariga avtomagnitolasiz yetkazib berilar ekan.
«Mikrochiplar tanqisligi UzAuto Motors kompaniyasi uchun yagona bo‘lgan GM sertifikatiga ega avtomagnitola ishlab chiqaruvchi «Humax» korxonasini ham chetlab o‘tmadi. Koreya ishlab chiqaruvchisi avtomagnitolani yetkazib berishni noma’lum muddatga to‘xtatganligi haqida rasmiy xat bilan murojaat qildi», deyiladi kompaniya rasmiy tushuntirishida.
Avtomonopolistimizning bu qarori qanday oqibatlar keltirib chiqarishini ko‘rib chiqamiz.
Gap «Chevrolet Lacetti» haqida emas. Ilk prototipi 1982 yilda yasalgan ushbu avtomashinaga otam zamonida ishlab chiqarilgan kassetali avtomagnitola qo‘yilsa ham ishlab ketaveradi va uning avtomobilning boshqa qismlariga ta’siri yo‘q hisobi.
100 foiz kompyuter orqali boshqariladigan, nisbatan yangi model bo‘lgan «Cobalt» avtomashinasida «avtomagnitolasizlik» qanday oqibatlar keltirib chiqarishi haqida gaplashamiz.
Lirik chekinish: men «Cobalt» avtomashinasiga egaman. Oldingi mashinam ham «Cobalt» edi. O‘zbek avtoishlabchiqaruvchisining barmoq bilan sanarli takliflari ichidan shu mashinaga mehrim tushgan. Uning salonida o‘zimni bemalol his qilaman, boz ustiga u 100 foiz kompyuter yordamida boshqarilishi tufayli boshqa gadjetlar bilan osongina integratsiya qilinadi.

Lekin bu mashinani yaratgan braziliyaliklar ota-bobosi ketmon yasab yurgan o‘zbek mashinasozlari «Cobalt»ni magnitofonsiz chiqarishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rishmagan bo‘lsa kerak. Yo‘qsa qandaydir «B» variant uchun joy qoldirilgan bo‘lardi.
Gap shundaki, «Cobalt»ning magnitolasi shunchaki magnitola emas, u muhim axborotlar beruvchi va almashinuvchi qurilma ham. Masalan, soat, tashqaridagi havo harorati avtomagnitola monitorida aks etadi. Eng hayratlanarlisi, mashinalarning avariyaviy va burilish chiroqlari ishlatilganda, uning ovozi salonga magnitola orqali ovoz karnaylariga uzatiladi.








