O‘zbekiston | 19:53 / 09.09.2022
20399
3 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Norov vazir lavozimiga tasdiqlandi. Sardor Umrzoqov o‘zbek diplomatiyasi oldidagi vazifalarni sanadi

Vladimir Norov tashqi ishlar vaziri lavozimiga tasdiqlanishi munosabati bilan vazirlikda Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, yig‘ilishda o‘zbek diplomatiyasi oldida turgan asosiy muammolar prezident Shavkat Mirziyoyevni tashvishga solayotgani ta’kidlangan.

Prezident farmoniga binoan, Vladimir Imomovich Norov O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri lavozimiga tasdiqlandi.

Kun.uz'ga ma’lum qilinishicha, 9 sentabr kuni Tashqi ishlar vazirligida Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov vazirni jamoaga tanishtirgan.

Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Norovning mazkur lavozimga tayinlanishida uning uzoq yillik tajribasi inobatga olingan.

Yig‘ilishda ayrim tanqidiy masalalar ham ko‘rib chiqilgan. Jumladan, Sardor Umrzoqov o‘zbek diplomatiyasi oldida turgan asosiy muammolar prezident Shavkat Mirziyoyevni tashvishga solayotganini ta’kidlagan.

Tashqi xavf-xatarlarni oldindan aniqlash, ularga qarshi munosib diplomatik choralar ko‘rish lozimligi, xorijiy hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish hamda xorijdagi vatandoshlar huquqlarini himoya qilish – o‘zbek diplomatiyasining eng asosiy vazifalari ekani qayd etilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilayotgan eng katta xalqaro tadbirlar – sentabr oyidagi ShHT sammiti, noyabr oyidagi Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha ham tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Norov shu yil aprel oyida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

  • Norov 1955 yilda Buxoroda tug‘ilgan. 2006 yil 12 iyuldan 2010 yil 12 yanvargacha O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan.
  • U turli yillarda turli mamlakatlarda elchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan (1998–2003 yillarda – O‘zbekistonning Germaniyadagi, o‘rindoshlik asosida – Polsha va Shveytsariyadagi elchisi. 2005–2006 yillarda – O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi. 2013 yil 27 avgustdan – O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi. 2014 yilning 2 dekabridan O‘zbekistonning Lyuksemburgdagi elchisi).
  • Vladimir Norov 2017 yil mayida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga direktor etib tayinlangan. 2019-2021 yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi lavozimida ishlagan. Favqulodda va muxtor elchi diplomatik darajasiga ega.

Mavzuga oid