Shunga asosan, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, joriy yilning 18 may kunidan Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro hamda Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar hamda Farg‘ona vodiysiga tezyurar yo‘lovchi poyezdlar qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yildi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» xabariga ko‘ra, dastlabki «Afrosiyob» poyezdi bugun, soat 07:00da Toshkent-Markaziy temir yo‘l vokzalidan Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lga chiqdi. Poyezdlar qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi ta'minlanayotgani aytiladi.
Qayd etilishicha, poyezdlarga chiqishda yo‘lovchilar sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi tomonidan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan ko‘p bo‘lmagan va tahlil natijasi «manfiy» ekanligi haqidagi ma'lumotnomaga ega bo‘lishlari kerak.

«Temir yo‘l vokzallari hududiga kirganda barcha yo‘lovchilarga bir martalik himoya niqoblari va qo‘lqoplar berilmoqda hamda temir yo‘l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari va yo‘naltiruvchi maxsus tasmalar bo‘ylab harakatlanishlari ta'minlanmoqda.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tasarrufidagi Markaziy sanitariya epidemiologiya stansiyasi mutaxassislari tomonidan vokzalga kirayotgan har bir yo‘lovchi qat'iy ravishda dezinfeksiya qilinib, teplovizorlarda harorati o‘lchanmoqda. Yo‘lovchilar poyezd vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtirildi. Poyezdlarga elektron chiptalar onlayn tarzda sotilmoqda. Elektron chipta olish imkoniyati bo‘lmagan yo‘lovchilar temir yo‘l vokzallari kassalaridan chipta olishlari mumkin bo‘ladi. Chipta olgan yo‘lovchilar tomonidan yo‘lovchilar so‘rovnomasi (marshrut varag‘i) to‘ldiriladi.
Temir yo‘l vokzallarining yo‘lovchilar bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan barcha xodimlari, davlat organlari hamda maxsus xizmat xodimlari kundalik faoliyati davomida bir martalik 8 soatli himoya niqobi va qo‘lqoplar, shuningdek yuz va ko‘z qismini himoyalovchi maxsus shaffof niqob, dezinfeksiya va antiseptik vositalar bilan ta'minlandi.
Barcha xodimlarning kunlik ish faoliyatini boshlashidan oldin tana harorati tekshirilmoqda. Shuningdek, har ikki haftada koronavirus infeksiyasiga test topshirib boriladi. Temir yo‘l vokzallarining birinchi o‘tkazish punktlari dezinfektor/tonnellar bilan jihozlangan bo‘lib, birinchi o‘tkazish punktlarida temir yo‘l xodimlari tomonidan pirometr yordamida yo‘lovchilarning tana harorati o‘lchanadi.










