Avtobuslar qatnovi Food city'gacha uzaygani aholiga noqulayliklar keltirib chiqardi
Qo‘yliqdan qatnovchi avtobus va yo‘nalishli taksilar endi Food city'gacha borayotgani sabab yo‘lovchilar bekatlarda ancha ko‘p kutib qolyapti, uzoq kutilgan transport kelganida esa tiqilinchdan unga chiqish oson bo‘lmayapti. Mas’ullar qatnov masofasi cho‘zilgani ortidan intervalning uzayishini inobatga olmagan. Ular yaqinda olib kelinadigan yangi avtobuslardan umid qilyapti.
Toshkentda 10 fevraldan boshlab Qo‘yliqdan qatnovchi bir qancha avtobus va yo‘nalishli taksilar qatnovi Food city savdo majmuasigacha uzaytirildi.
Bunga Farg‘ona yo‘li ko‘chasini Bektemir shossesi bilan bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgich qurilishi va yo‘l-ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sabab ekani aytildi.
Natijada 5 ta avtobus va 10 ta yo‘nalishli taksida jamoat transportining yo‘li salkam 6 kmga uzayib, savdo majmuasining avtoshohbekatigacha bormoqda.
Bu – Bektemir tumanida yashovchilar uchun noqulayliklar tug‘dirayotgani aytilmoqda. Facebook'dagi “Potrebitel.uz” kanaliga joylangan post egasining aytishicha, odamlar ishga borish uchun avtobuslarni 1 soatgacha ham kutishmoqda.
“Bektemir tumani hokimiga piyodalar yo‘laklari, yo‘llar uchun katta rahmat aytmoqchiman, shuningdek, barcha transportlarni Qo‘yliqdan Food city'gacha olib borganlari uchun ham alohida tashakkur. Endi ishga borish uchun mikroavtobus yoki avtobusni bir soat kutishga to‘g‘ri kelyapti. 1 soat kutgan bo‘lsang, ana endi unga chiqishga urin.
Piyodalar yo‘laklari alohida masala, ular shunchaki olib tashlandi va hozir undan armatura chiqib turadigan va har yomg‘irda suv bilan to‘ladigan chuqurlik qolgan. Hokim gavjum transportda, shunday piyodalar yo‘laklarida yurishini, qo‘shimchasiga ustiga avtomobillar suv sachratib ketishini istardim”, – degan u.
“Qo‘yliq-1, 4 dahalaridan bizga eng kerakli bo‘lgan 93-yo‘nalishli taksi olib tashlandi. Hammasi “Jrat Siti”ga olib borildi…” – deb yozadi yana bir foydalanuvchi.
Shuningdek, postlardan birida dehqon bozori atrofidagi infratuzilma haqida ham yozib o‘tilgan.
“Shahar na yomg‘irda, na qorda, na shamolda, na issiqda va na sovuqda hayot uchun mos emas. Agar Toshkentda havo harorati biroz bo‘lsa ham o‘rtacha bo‘lmasa, darhol muammolar yuzaga chiqadi.
Poytaxtda 1 kun yomg‘ir yog‘di, ikkinchi kun ham yomg‘ir va toshqin boshlandi. 20 yildan beri shahar kimningdir chap oyog‘i bilan istaganicha quriladi. Suv toshishi bilan bog‘liq muammolar faqat ko‘payyapti”, – deyiladi postda.
Kun.uz holat yuzasidan Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi matbuot kotibi Elmira Nurovaning aytishicha, bir qancha avtobuslar qatnovi Food city savdo majmuasigacha cho‘zilgani sabab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar, misol uchun, intervalning ko‘payib ketishi hisobga olinmagan.
“1 martdan boshlab avtobuslar kelishni boshlaydi va intervali katta bo‘lgan yo‘nalishlarga biriktiriladi. Shunda Toshkent shahrida avtobus oraliq vaqti bilan bog‘liq muammolar kuzatilmaydi, eng uzun interval 10 daqiqa bo‘ladi”, – deydi u.
Shuningdek, Nurova boshqarmaga avval ham shunday murojaatlar kelib tushgani va o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Bevosita shu jarayonlarda ishtirok etayotgan boshqarma mutaxassisi bilan bog‘lanishga urindik, ammo buning iloji bo‘lmadi.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024