O‘zbekiston | 21:56 / 19.05.2018
21465
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati 2021 yilga qadar lotin yozuvidagi alifboga o‘tishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston hukumati lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish qoidalarining istisnosiz va so‘zsiz bajarilishini ta'minlash choralarini ko‘radi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Prezidentning Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov imzolagan Harakatlar rejasida shunday deyiladi. 

Unga ko‘ra, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etishni  yanada takomillashtirish bo‘yicha amaldagi qonun hamda hukumat qarorlari yanada mustahkamlanadi.

Shu bilan birga, tegishli qonunchilik talablari so‘zsiz bajarilishini ta'minlashga qaratilgan normativ-huquqiy bazani mustahkamlash choralari belgilanmoqda. Xususan, 2018 yil sentabrga qadar, O‘zbekiston Respublikasining "Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida" qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi 1995 yil 6 maydagi qonunini hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida"gi 1995 yil 24 avgustdagi qarorini takomillashtirish nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, 2019 yil yanvarga qadar ushbu qonun moddalarining istisnosiz bajarilishini ta'minlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish kutilmoqda.

Rejada ta'kidlanishicha, o‘zbek tilidagi reklama matnlari va lavhalari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi ta'minlanadi. Ushbu vazifani to‘laqonli bajarilishi uchun 2019 yilning iyuli oxirgi muddat sifatida ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, respublikada barcha idoralar va muassasalar uchun lotin alifbosi bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Kirill yozuvidagi o‘zbek va jahon adabiyotining mumtoz namunalari va ilmiy adabiyotlari lotin yozuvida chop etilishi rag‘batlantiriladi.

Bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida faoliyat yuritishi to‘liq ta'minlanadi. Bu vazifa 2020 yilning oxiriga qadar to‘liq uddalanishi rejada bayon etilgan.

Harakatlar rejasidagi tadbirlardan ayon bo‘ladiki, 2021 yildan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish ta'minlanadi.

Mavzuga oid