Yangi turdagi koronavirus tarqalayotgan Xitoyning Uxan shahri karantinga olinib, shaharga kirish va undan chiqish taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, qator mamlakatlar o‘z fuqarolarini u yerdan evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, AQSh, Fransiya va Yaponiya birinchilardan bo‘lib o‘z fuqarolarini epidemiya o‘chog‘idan olib chiqib ketmoqchi.

AQSh

Qo‘shma Shtatlar hukumati Uxandagi konsulxonasida ishlayotgan diplomatlar va ularning oila a'zolarini vatanga qaytarish rejasi ustida ishlamoqda. CNN o‘z manbasiga tayanib bergan xabarga ko‘ra, bu yerda 30ga yaqin amerikalik haqida gap ketyapti.

The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, evakuatsiya qaysi samolyotda amalga oshishi masalasi ochiq turibdi. «Ko‘proq yo‘lovchini sig‘dira oladigan Boeing-737 va kamroq sig‘imga ega Boeing-767 variantlari ko‘rib chiqilyapti. Ko‘p narsa Xitoy hukumati bizga nimani ruxsat berishiga bog‘liq», – degan WSJ manbasi.

Qayd etilishicha, konsullik Uxandagi amerikaliklarga murojaat bilan chiqib, xohlovchilarga samolyotdagi bo‘sh o‘rinlarda AQShga qaytishni taklif etgan. Bort ekipaj tarkibida shifokor ham bo‘lishi kutilyapti.

Fransiya

Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Anes Buzenning ma'lum qilishicha, mamlakatning 800 nafarga yaqin fuqarosi Uxanda yashamoqda. Ulardan xohish bildirganlari vatanga qaytarilib, 14 kun mobaynida karantinda saqlanadi.

«Xitoy tomoni bilan kelishuv asosida, Fransiya fuqarolari samolyotda Fransiyaga evakuatsiya qilinadi. Bu hafta o‘rtalariga mo‘ljallangan», – degan Buzendan iqtibos keltirdi Reuters.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, aeroportlarga o‘rnatilgan teplovizorlar – foydasiz. «Skanerlash xavfsizlik choralari ko‘rilayotgandek tasavvur uyg‘otadi, lekin aslida bu yo‘l bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi», dedi u. Ya'ni kasallik simptomlari keyinroq yuzaga chiqishi yoki oddiy aspirin yordamida tana haroratini tushirishga erishish mumkin.