O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning 70-80 foizi kasallikni simptomsiz o‘tkazmoqda, deb ma'lum qildi professor Habibulla Oqilov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda karantin rejimi kuchaytirilmoqda. 5 iyuldan boshlab esa COVID-19ga chalingan ma'lum toifa bemorlarga uyda davolanishga ruxsat beriladi.
Kun.uz muxbiri ushbu yangiliklar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi, professor Habibulla Oqilov bilan suhbatda bo‘ldi.
Uyda davolanish: qay tartibda, kimlarga mumkin, kimlarga mumkin emas?
— Rivojlangan davlatlarda kasallik simptomsiz yoki yengil shaklda o‘tayotgan bemorlar uyda davolanyapti. Hozir bizda ham buning uchun barcha sharoitlar bor. Shuning uchun agar bemor tahlilida koronavirus aniqlangan bo‘lsa, lekin uning simptomlari yo‘q yoki yengil o‘tayotgan bo‘lsa, masalan aksirmayotgan, yo‘talmayotgan, nafasi qisilmayotgan, ta'm va hid sezgilari yo‘qolmagan, tana harorati ko‘tarilmagan bo‘lsa, 5 iyuldan boshlab shu toifadagi bemorlarga uyda davolanishga ruxsat beriladi.
Bu, albatta, ichki ishlar va milliy gvardiya tomonidan ularning uyda qolishi ta'minlangan holda tashkil etiladi. Oilaviy poliklinikasidan har kuni ertalab telefon orqali muloqotda bo‘lib turiladi. Tana harorating ko‘tarilmadimi, yo‘talmadingmi, deb xabar olib turiladi.
Bemor talablarga rioya qilsagina uyda qolishi mumkin. Agar kasalligini bila turib, ko‘chaga chiqsa, unga nisbatan javobgarlik belgilangan.
Uyda davolanayotgan bemordan 10 kundan keyin test olinadi va agar manfiy natija olinsa, uni hisobdan chiqarish mumkin bo‘ladi.
Uyda davolanayotgan bemorlarga immunitetni ko‘taradigan dorilar beriladi. Bu dorilar hamma joyda bor.
Agar bemor telefon orqali muloqotda: «Menda yo‘tal paydo bo‘ldi, kechqurun biroz haroratim ko‘tarildi», desa, u albatta statsionarga olib ketiladi.
Koronavirus aniqlangan bemorning yoshi 65dan oshgan bo‘lsa, yo ortiqcha vazni bo‘lsa, yoxud qandlik diabet, metabolik sindrom, gipertoniya kabi yondosh kasalliklari bo‘lsa, ular simptomlar bor-yo‘qligidan qat'i nazar faqat statsionar sharoitda davolanadi.


















