Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida tadbirkorlar, Navoiy viloyatida esa aholi quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Bunday majburlovlar aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

«Tovuqni ham boyib ketasizlar deb sotishgandi...»

Jurnalist Ruslan Saburov Navoiy viloyatida aholi, budjet tashkilotlarida ishlovchilar, xususan o‘qituvchilar kredit evaziga o‘z xonadoniga quyosh panellari o‘rnatishga majbur qilinayotgani haqida yozdi:

«Karmana tumani Malik mahallasida barcha uylarning tomiga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berilibdi. Uylar tashkilotlarga taqsimlanibdi. Ular esa majburlovchi rolini bajarishmoqda. 

Umuman olganda, quyosh panellari yomon narsa emas, yashil energiya. Har bir xonadon o‘zini o‘zi elektr energiya bilan ta’minlasa, buning nimasi yomon, shunday emasmi? Faqat sallani olib kel desa, kallani olib borish kerak emas.

Hozirgina «Mikrokreditbank» Karmana tumani filiali vakili qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Bizning uy ushbu tashkilotga biriktirilgan ekan. Kredit beramiz, dadangiz ko‘nmayapti, tushuntiring, deydi. Kredit kerak emas, imkon bo‘lganida o‘zimiz qo‘yib olamiz, dedim. Yo‘q, ko‘nmaydi. «Bizni ham majburlashyapti-da, viloyat hokimligidan, tuman hokimligidan», deydi.

Nima emish, kredit olib tomga quyosh paneli o‘rnatishimiz kerak ekan. Kredit olmasdan o‘rnataman, desam, 2 kunda o‘rnatasizmi, deydi yana. Asta masalaning ichiga «mo‘ralasam», o‘rnatib beruvchilar ham tayyor ekan...

Bilaman, bank xodimida ayb yo‘q, u topshiriqni bajaryapti. Viloyat va tuman hokimligida shu topshiriqni berib, majburlayotganlarga e’tiroz tug‘iladi-da, beixtiyor.

Birinchidan, mahalladagi hamma xonadon bunga tayyormi, degan savol atrofida o‘ylab ko‘rish kerak: mazkur mahalladagi barcha oilalarning iqtisodiy imkoniyati bir xil emas, ishsizlar, ehtiyojmandlar, og‘ir ahvoldagilar bor. Yelkasiga kredit ilib qo‘yish ularning ahvolini yanada og‘irlashtiradi.

Ikkinchidan, mahalladagi barcha ham budjet tashkilotida ishlamaydi. Kredit rasmiylashtirish uchun uning qaytish manbasi ham bo‘lishi kerak. Ura-urada xolasining o‘g‘li-yu, ammasining jiyani nomiga rasmiylashtirilib tashlangan kreditlar vaqt o‘tib bankka ham, o‘sha xonadonga ham boshog‘rig‘i bo‘ladi.