Iqtisodchi Yuliy Yusupov Telegram'dagi kanalida Respublika oliy ta’lim kengashining 2024 yilning 29 noyabr kuni tasdiqlangan bayonnomasi e’lon qildi. Unda nodavlat OTMlar Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lov-kontraktdan tushadigan mablag‘ining 4 foizini o‘tkazib berishi haqida band bor. Bu taklifni nodavlat OTM rektorlari bergani ko‘rsatilgan. Mablag‘ o‘tkazishdan quyidagi maqsadlar inobatga olingani aytiladi:
- respublikada amalga oshirilayotgan ta’limga oid siyosatni qo‘llab-quvvatlash;
- zarur hollarda oliy ta’lim tashkilotlari va ularning talabalari manfaatini himoya qilish ta’lim xizmatlari bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash;
- davlat oliy ta’lim tashkilotlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga 4 foiz miqdorida ajratmalar yo‘naltirish.
Kengash nodavlat OTMlar bilan shartnomani 1 haftada ishlab chiqishi va 2025 yilning 25 yanvarigacha mablag‘lar Respublika oliy ta’lim kengashiga kelib tushishi kerakligini ta’kidlagan.
Yuliy Yusupov buni soliq deb atab, O‘zbekistonda soliqlarni Oliy Majlisgina emas, istalgan davlat idorasi joriy qila olyapti degan fikrda. Shuningdek, u O‘zbekistonni cheklovlarni bilmaydigan amaldorlar uchun behisob ochil dasturxon deb, pul kerak bo‘lib bo‘lsa, xalqdan yig‘ish boshlanishini yozgan. “Bunga kimdir qarshilik qilsa, tekshiruv yuboriladi va litsenziyasi olinadi”, – degan iqtisodchi.
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Respublika Oliy ta’lim kengashi soliq yoki majburiy to‘lov joriy qilish vakolatiga ega emasligini ta’kidlab, bu bayonnoma hech qaysi OTMga hech qanday majburiyat yuklamasligini yozgan.
“Bu bayonnomani pesh qilib, pul o‘tkazishni talab qilish, agar o‘tkazmasa, turli oqibatlar keltirib chiqarishi (masalan, litsenziyasini olib qo‘yishga ishoralar va h.k.) mutlaqo noqonuniy hisoblanadi. Bunday qilishga hech kimning haqqi yo‘q (qog‘ozlarda har holda, amalda bilmadim endi). Shu sababli nodavlat oliygohlar Kengashga 4 foiz pul o‘tkazishga majbur emasligini bilishlari zarar qilmaydi. Unutmang, Respublika Oliy ta’lim kengashining o‘zi nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi, qanaqadir davlatning vakolatli organi emas, kimgadir majburiyat yuklaydigan vakolati yo‘q. Garchi bayonnoma matnida majburiylik haqida gap ketmagan bo‘lsa-da, ammo bunday mazmunda qaror chiqarilishining o‘zi g‘alati. Bunday qarorlar kamida Biznes Ombudsman hamda Adliya vazirligidan ekspertizadan o‘tishi kerak









