O‘zbekiston | 11:03 / 09.10.2023
36484
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta oxirida havo keskin sovuqlashadi

O‘zbekiston bo‘yicha 9-13 oktyabr kunlariga ob-havo prognozi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

9-11 oktyabrda O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va o‘rtacha iliq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati kechalari asosan +11...+16 daraja, kunduz kunlari +25...+30 daraja bo‘ladi.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, 11 oktyabrda respublika shimoli-g‘arbiy hududlariga Qora dengiz hududlaridan sovuq va nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda shamol tezligi kuchayadi. Havo harorati +12...+17 darajagacha pasayadi.

12-13 oktyabr kunlari sovuq va nam havo massalari kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududlariga tarqaladi. 12 oktyabrda, shuningdek, 13 oktyabrda kechasi va ertalab respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 13 oktyabrda kunduzi faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi. Shamol tezligi ba’zi joylarda 15-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Havo harorati kechalari +6...+11 darajagacha, shimolda +2...+7 darajagacha, kunduz kunlari +12...+17 darajagacha pasayadi.

Respublikaning tog‘li hududlarida 12-13 oktyabr kunlari vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, ba’zi joylarda qorga aylanadi) bo‘ladi. Ushbu mavsumda birinchi haqiqiy kuzgi sovuq kirib kelishi kuzatiladi.

Poytaxtda havo o‘zgarib turadi, 9-11 oktyabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, 12 oktyabrda kunning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘adi, 13 oktyabrda kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Harorat 9 oktyabrda +25...+27 daraja, 10-11 oktyabrda kechasi +12...+15 daraja, kunduzi +27...+29 daraja, 12 oktyabrda kechasi +14...+16 daraja, kunduzi +24...+26 daraja, 13 oktyabrda kechasi +6...+9 daraja, kunduzi +12...+15 daraja bo‘ladi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 12-13 oktyabrda 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Mavzuga oid