O‘zbekiston | 12:28 / 22.01.2021
19410
2 daqiqa o‘qiladi

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi

Nozimjon Xolmurodov

Buxoro shahrida Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Nozimjon Xolmurodov tayinlandi.

Nozimjon Xolmurodov 1977 yili Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1998 yilda Turkiyaning Gazi universitetini, 2005 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

U 1998-2001 yillarda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tizimida, 2001-2005 yillarda Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasida, 2005-2006 yilda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasida, 2006-2010 yillarda qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

2010-2013 yillarda Toshkent shahar monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarma boshlig‘i, 2013-2015 yillarda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida boshqarma boshlig‘i, 2015-2017 yilda Mehnat vazirligi Mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlari ekspertizasi boshqarmasi boshlig‘i, 2017-2018 yilda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududlarning turizm salohiyatini  rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Nozimjon Xolmurodov 2018-2019 yilda prezident administratsiyasi investitsiya jarayonlari va dasturlarini muvofiqlashtirish shu'basi mudiri sifatida ishlagan. 2019 yildan hozirgi vaqtga qadar investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari bo‘lgan. 

Avvalroq, Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi etib tasdiqlangani xabar berilgandi

Mavzuga oid