O‘zbekiston | 20:47 / 20.10.2020
26997
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident farmoni: Lotin yozuviga to‘liq o‘tish choralari ko‘riladi, mansabdorlar davlat tilini bilishi shart bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Foto: assembly.kz

O‘zA xabariga ko‘ra, farmon bilan 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlangan.

Asosiy yo‘nalishlar quyidagilarni nazarda tutadi:

  • 2025 yilga qadar davlat maktabgacha ta'lim tizimida o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga yetkazish;
  • 2030 yilga qadar umumta'lim maktablarida o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida ona tili fanini o‘qitish ko‘lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish;
  • oliy ta'lim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari sonini 2025 yilga qadar 120 taga, 2030 yilgacha esa 140 taga yetkazish;
  • lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida «O‘zbekiston milliy qomusi» jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish;
  • 2020 yilda o‘zbek tilining lug‘at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug‘atlar yaratish;
  • teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o‘zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030 yilgacha 100 foizga yetkazish;
  • 2025 yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030 yilgacha esa ushbu ko‘rsatkichni 25 taga yetkazish;
  • dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalari va elektron lug‘at dasturlarini yaratish;
  • xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi dasturlar yaratish;
  • 2030 yilga qadar xorijiy oliy ta'lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha ko‘paytirish;
  • 2025 yilga qadar «O‘zbek tilining do‘stlari» klublari sonini 30 taga, 2030 yilgacha esa 40 taga yetkazish.

Vazirlar Mahkamasi 3 oy muddatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishni ta'minlash maqsadida ishchi guruh tashkil qiladi va aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqib, Prezident Administratsiyasiga kiritadi.

2021 yil 1 apreldan boshlab, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda mas'ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etiladi.

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida o‘zbek adabiy tili me'yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qisqa muddatli (1–2 oygacha) o‘quv kurslari muntazam ravishda tashkil etiladi.

O‘zbek tilidagi mavjud lug‘atlar asosida uzluksiz ta'limning barcha turlari uchun quyidagi o‘quv lug‘atlarini yaratish choralari ko‘riladi, shu jumladan:

  • ko‘p jildli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»ning to‘ldirilgan yangi nashri (kirill va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida);
  • «O‘zbek tilining imlo lug‘ati»;
  • «O‘zbek tili sinonimlari lug‘ati»;
  • «O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati»;
  • «O‘zbek tili frazeologizmlarining katta izohli lug‘ati»;
  • «O‘zbek tili omonimlari lug‘ati».

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘zbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturi yaratiladi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab markaziy telekanallarda «Tilga e'tibor», «Ona tilida so‘zlashamiz», «Notiqlik mahorati», «Til – millat ko‘zgusi», «Kitob bilim manbai», «Bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori» kabi turkum ko‘rsatuv va eshittirishlar tashkil qilinadi.

Mavzuga oid