O‘zbekiston | 16:42 / 21.04.2022
27470
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda selda oqqan yana bir kishining murdasi topildi

Forish tumanida 20 aprel kuni sel oqqanda bedarak yo‘qolgan shaxsning murdasi topilgan. Shu tariqa qurbonlar soni 5 nafarga yetgan. 6 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Jizzax viloyati prokuraturasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 20 aprel kuni soat 15:00 larda kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Nurota tog‘ tizmasining Forish tumanidagi qismidan “Egizbuloq” MFY hududidagi Orishli qishlog‘i orqali Egizbuloq qishlog‘iga sel toshqini kelgan.

Oqibatda, shu hududda yashovchi 4 nafar shaxs vafot etgan, 1 nafari bedarak yo‘qolgan va 6 nafari turli darajada tan jarohati olgan. Shuningdek, sel toshqini natijasida 53 ta turar joy va ularning yordamchi xo‘jalik binolariga zarar yetgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv va tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bedarak yo‘qolgan shaxs suvga cho‘kishi natijasida vafot etganligi aniqlanib, uning murdasi topilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, voqea sodir bo‘lgan hududda tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, toshqin oqibatlari bartaraf etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 aprel kuni kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Samarqand va Jizzax viloyatining bir qator tumanlarida sel kelishi holatlari kuzatildi va hududlarni suv bosdi.

Mavzuga oid