Iqtisodiyot | 20:49 / 12.01.2020
16705
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank inflatsiya pasayishi uchun bor mas'uliyatni bo‘yniga olishga tayyor – Ilhom Norqulov

O‘zbekiston Markaziy banki kelgusi 4 yilda inflatsiyani 3 barobarga kamaytirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi uchun mas'uliyatni to‘la o‘z bo‘yniga olishga tayyor, deb bayonot berdi MB raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov.

«Bu chora-tadbirlar «Yo‘l xaritasi» bilan birga muhtaram prezidentimizning farmonida aniq va ravshan qilib ko‘rsatib o‘tilgan. Bu yerda eng muhimi – kuchli siyosiy iroda, shu iroda va tayanchni bu sohada bevosita ishlaydigan mutaxassislarning his qilib turgani.

Shu orqali keng jamoatchilikka yetkazmoqchimanki, Markaziy bank rahbariyati bu vazifaning oson emasligi va jiddiyligini anglagan holda butun bir mas'uliyatni bo‘yniga olishga tayyor», – dedi Norqulov «O‘zbekiston 2020» dasturidagi chiqishida.

Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Behzod Hamroyev ham 2023 yil oxirigacha inflatsiya darajasi 5 foizga tushishiga shubha qilmasligini bildirdi.

«Haqiqatan qo‘limizdan keladi, bunga erishish imkoniyati bor. Chunki tayyorgarlik davrida juda ko‘p davlatlarni o‘rgandik. Bugun bizda kuzatilayotgan yuqori inflatsiya va uni pasaytirish muammosi faqatgina bizda bo‘lgan emas. Sharqiy Yevropa, MDH va Osiyo davlatlarining ko‘pchiligi 90-yillarda bu bosqichdan o‘tgan. Shularning tajribasini batafsil o‘rganib, targetga erishishda nima muhimligini ko‘rib chiqqanimizda, uchta asosiy masala ko‘rilyapti. 

Birinchisi – qo‘llab-quvvatlash, ya'ni siyosiy iroda. Ikkinchisi – puxta hisob-kitob. Keyingisi – tartibli-tizimli harakatlar.

Prezidentimizning inflyatsion targetlashga o‘tish to‘g‘risidagi farmonining o‘zi bizga ancha masalalarni yechib berdi, deb ishonch bilan aytishim mumkin. Farmon bilan «Yo‘l xaritasi» tasdiqlangan, unda har bir vazirlik va idora nima ish qilishi – kim monopoliya masalasi bilan shug‘ullanadi, kim raqobatni rivojlantiradi, kim budjet xarajatlarining samaradorligini ta'minlaydi, Markaziy bank nima qilishi kerak, banklar nima qilishi kerak – har bittasi qadam-baqadam ko‘rsatilgan.

Bundan buyon har yil uchun qo‘yilgan inflyatsion targetga erishish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi. Shunday ekan, 2023 yilda 5 foizlik targetga erisha olamiz, deb ishonch bilan aytishim mumkin», – dedi Hamroyev.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank mamlakatdagi inflatsiyani 2020 yilda 12 foiz, 2021 yilda esa o‘n foizdan pastroq darajaga tushirishni maqsad qilgan.

Mavzuga oid