Maktabgacha tayyorgarlik yili boshlang‘ichga kiritilib, 12 yillik umumiy o‘rta ta’lim joriy etiladi. Har bir maktabda to‘garaklarni tashkil qiladigan maslahatchilar bo‘ladi. Maktabni bitirish, oliy ta’limga kirish va fanlar bo‘yicha sertifikat olish imtihonlari birlashtirilishi kutilmoqda. Davlat rahbari boshchiligida o‘tgan ta’limga oid yig‘ilishda shu kabi masalalar muhokama qilindi. Kun.uz selektordagi ayrim muhim yangiliklarni sharhlaydi.

Maktab 6 yoshdan: O‘zbekistonda 12 yillik umumiy ta’lim tizimiga o‘tiladi

9 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi sohasiga oid videoselektor yig‘ilishida umumiy o‘rta ta’lim 12 yillik tizimga o‘tishi muhokama qilingan.

Bu haqda sobiq maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari, hozirda Oliy ta’lim vazirning birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi. Qayd etilishicha, 12 yillik ta’limga o‘tish xalqaro standartlar bilan bog‘liq: 2022 yilgi PISA ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori natijalarga erishgan mamlakatlarning 85 foizi 12 yillik maktab ta’limiga ega.

Bunda 6 yoshli bolalar uchun maktabga tayyorgarlik yili boshlang‘ich ta’limga kiritiladi. Tizim uch bosqichdan iborat bo‘ladi:

1 yil tayyorgarlik va 4 yil boshlang‘ich maktab;

5 yillik asosiy umumiy o‘rta ta’lim (5–9-sinflar);

maktablar, akademik litseylar, harbiy bilim yurtlari va texnikumlarda 2 yillik to‘liq umumiy o‘rta ta’lim.

Mamlakatda 3,6 mingta maktab va 1 mingdan ortiq davlat bog‘chalari tashkil etilishi, ularda bolalar yangi tayyorgarlik dasturidan o‘tishi aytilmoqda. Yangiliklarda bu tizim aynan qachon ishlay boshlashi haqida so‘z bormagan. Jarayonda ta’lim muassasalarida defitsit yuzaga kelishi qanchalik inobatga olingani ham noma’lum.

Maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi

O‘zbekistondagi davlat maktablarida maktab maslahatchilari ishlay boshlaydi. “Kelajak” markazlarining umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlaridagi vertikal tizimini joriy etish hamda o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shunday lavozim bo‘lishi