Sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart. Ushbu qoida bosh qomusimiz Konstitutsiyamizning 114-moddasi, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasida qat'iy belgilab qo‘yilgan. Biroq bu normani tushunish kimlar uchundir hali hanuz murakkablik qilmoqda, nazarimizda. Tahririyatga yo‘llangan navbatdagi murojaatda sudning qarori ijro etilmayotganligi haqida bayon etiladi.
Biz ushbu murojaatlar izidan Xazrati Lutfulloh yurti sanalmish Chust tumani tomon ravona bo‘ldik. Bu yerda murojaat egasi Usubjon Xamdamovning xonadonida bo‘lib, masala yuzasidan suhbatlashdik. Dastavval uning so‘zlarini keltirib o‘tishni lozim topdik.

«O‘z arizangiz bilan yeringizni olib qo‘yamiz»
«2003 yil «Ko‘paysin aya» nomli paxta-g‘alla yo‘nalishida fermer xo‘jaligi tashkil qilganmiz. Otam Umarjon Xamdamov shu yerlarda 30 yil mehnat qilgan. Zamon o‘zgarib yer fermerga tegdi. Biz ham o‘z fermer xo‘jaligimizni tashkil qildik. Bizga berilgan yer juda qarovsiz, abgor holda bo‘lgan. Bu joyga qaradik, o‘z texnikalarimizni tashkil qildik. Berilgan rejalarni bajarib, mehnat qilib kelar edik. 2009 yil noyabr oyida otam yig‘ilishga deb chiqib ketdi. Qaytib kelib, «O‘g‘lim, yerimizni olib qo‘yishdi» dedi. Bir necha marta murojaat qilsak, bu masalada Vazirlar Mahkamasi qarori chiqqanligini aytishdi. Biz ishonmay rosa murojaatlar bilan «yozdi-yozdi»lar qildik. Prezident devoniga, Bosh prokuraturaga yozdik. Davlat rejalarini bajarganimizni aytdik. Prezident devoni arizamizni qaytarib hokimiyatiga jo‘natdi. Hokimiyatdagilar «o‘z arizangiz bor ekan» degan vajni keltirishdi. Biz hayron bo‘lib qoldik. O‘sha arizani qidirib topgandik, ne ko‘z bilan ko‘rsakki, boshqa muhr, boshqa imzo... Prokuraturaga yozgandik. Prokuratura ichki ishlarga berdi. Ichki ishlar berilgan ariza qalbaki deb, bizga tuman ma'muriy sudga yozishimizni tushuntirishdi. Shunday qilib sudga ariza beradigan bo‘ldik» deydi chustlik dehqon.

Sud qarori bor, ammo ijro yo‘q
«O‘tgan yilning fevralida sud ishni ko‘rib chiqishni boshladi. Avvaliga taraflar kelsin dedi. Sudning keyingi majlislarida ham yerni yangi olgan fermer kelmadi va sud o‘sha fermer ishtirokisiz qaror chiqardi. Biz sudda yutib chiqdik. Keyin fermerlar kengashi yerni olgan yangi fermerni himoya qilib kassatsiya shikoyatini berdi. Kassatsiya sudi ishni boshidan boshlash uchun Popdagi sudga jo‘natdi. Pop sudi ham o‘tgan yili iyun oyida bizning foydamizga qaror chiqardi. Hokim qarorini haqiqiy emas deb topdi. Ariza soxta bo‘lib chiqdi. Ammo qaror ijrosini yana hokimiyatga berdi. Ijrodan esa darak yo‘q. Orada otamning sog‘lig‘i yomonlashdi. Insultni boshidan kechirdi. 2 nafar farzandim bor. Ishlashim kerak-ku. Ijroni kutib yurdim. Keyin bosh prokuraturaga chiqdim, Ombudsmanga chiqdim. Prezident portali, Oliy sud, Adliya vazirligiga yozdim. Masala hal bo‘lishidan darak yo‘q» deydi Usubjon Xamdamov.














