20:14 / 22.10.2020
158247

Estrada xonandasi voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkani taxmin qilinayotgan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqandda voyaga yetmagan qizning estrada xonandasi va uning do‘stlari tomonidan zo‘rlangani aytilayotgan holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergovni Samarqand viloyat IIB Tergov boshqarmasi olib bormoqda.

Kun.uz saytida litseyning birinchi kursini endigina tamomlagan samarqandlik qizning nomusiga tegilgan bo‘lishi mumkinligi haqida jurnalist surishtiruvi e'lon qilingandi. Kattaqo‘rg‘on tuman IIB mazkur holatda jinoyat alomatlari bo‘lmagan, deb topib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan edi.

Maqola e'lon qilingach, Samarqand viloyat prokuraturasi Kattaqo‘rg‘on tuman IIB Tergov bo‘limining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorini bekor qilib, ishni qo‘shimcha o‘rganish uchun qaytargandi.

Qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Buni jabrlanuvchining yaqinlari va Kun.uz'ning ichki ishlar idoralaridagi manbasi tasdiqladi.

Dastlabki tergov harakatlarini Samarqand viloyat IIB Tergov boshqarmasi olib borayotgani aytilmoqda.

«Vaziyatni prokuratura nazoratga olgach, Kattaqo‘rg‘on tumaniga borib, hodisa sodir bo‘lgan uy IIB vakillari hamrohligida o‘rganildi. 10 oktabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shundan so‘ng tergovga chaqirishdi. Tergovga J.U. ham chaqirilgandi, ammo o‘sha voqea sodir bo‘lgan kunda xonandaning yonida turgan ikki sherigi keldi, xolos.

Istardikki, bu safar tergov bir tomonlama bo‘lib qolmaydi, xolislik ta'minlanadi», – deydi qizning otasi.

Kun.uz masala yuzasidan viloyat IIB bilan bog‘landi.

«Haqiqatan ham qiz o‘sha kuni o‘zini zo‘rlangani haqida aytmoqda. Zo‘rlash va nomusga tegish alomatlari bo‘lgani sababli joriy yilning 10 oktyabrida holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Inson sha'ni va qadr-qimmati bilan bog‘liq bo‘lgani sababli tergovning boshqa tafsilotlari oshkor qilinmaydi. Tergov yakuniga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi», – dedi Kun.uz suhbatlashgan viloyat IIB rasmiysi.

Jinoyat kodeksining 118-moddasiga ko‘ra, nomusga tegish, ya'ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish, sodir etilgan jinoyatning og‘irlik darajasiga qarab 3 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mavzuga oid
Top