O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 4 may kungi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Bu qaror iqtisodiyotda narxlar o‘sishining yanada sekinlashishiga yordam beruvchi pul-kredit sharoitlarini ta’minlash, shuningdek, mart oyidagi asosiy stavka pasaytirilishining yalpi talab va taklifning muvozanatlashuviga ijobiy ta’sirlarini davom ettirishga qaratilgan, deyiladi regulyator tarqatgan relizda.

Ta’kidlanishicha, yillik inflatsiya darajasi mart va aprel oylarida ham pasayishda davom etdi hamda mos ravishda 11,7 va 11,0 foizga teng bo‘ldi. Ushbu pasayishda mavsumiy omillar va o‘tgan yildagi yuqori baza effekti ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Inflatsiyaning uzoq muddatli va barqaror omillarini ifoda etuvchi bazaviy inflatsiyada ham mart oyida sezilarli pasayish dinamikasi kuzatilib, yillik 12,9 foizgacha sekinlashdi (2022 yil dekabr oyida 13,8 foiz). Bunda, bazaviy inflatsiyaning umumiy inflatsiyaga hissasi o‘tgan yilning oktabr oyidan buyon birinchi marta 10 foiz banddan kamroqni tashkil etdi.

Ayni paytda, bazaviy inflatsiya darajasining umumiy inflatsiyadan yuqoriligi iqtisodiyotda ma’lum bir inflyatsion xatarlarni saqlanib qolayotganini ifodalaydi.

Kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari ham pasayish tendensiyasiga qaytdi va mos ravishda 14,4 va 14,1 foiz darajasida shakllandi. Bunda, aholining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha javoblar medianasi – 11,5 foizgacha va tadbirkorlik sub’yektlariniki – 11,4 foizgacha pasaydi.

Joriy yilning yanvar oyida iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalar keskin oshib, aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy vaziyat hamda narxlar bo‘yicha xavotirlari oshganini namoyon qilgan edi. Kutilmalarning pasayishi va uzoq muddatli trendiga yaqin shakllanishi