6-7 mart kunlari Toshkentda “Jadidlarning ma’rifiy faoliyati: g‘oyalari, maqsadlari, vazifalari va Turkiston taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi” nomli halqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda barcha turkiy davlatlar hamda AQSh, Rossiya, Shvetsiya, Germaniya fuqarolari ishtirok etdi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston davlati va jamiyati jadidlar fenomeniga katta e’tibor bermoqda, o‘rganmoqda, o‘ylanmoqda. Xo‘sh, nega?
Nazarimda, jadidlar fenomeni orqali O‘zbekiston xalqi, davlati va o‘zbek degan turkiy-musulmon o‘zlik, katta bir davrni va katta bir makonni tahlil qilib ko‘rmoqchi.
20-asr, dunyo turkiylari, jumladan o‘zbeklar uchun ham, og‘ir davr bo‘ldi, mustamlakalik davri bo‘ldi, yo‘qotishlar va mag‘lubiyatlar davri bo‘ldi. Aslida, bu fojia 19-asrning o‘rtalarida boshlangan edi, inqiroz esa ancha oldin boshlangan edi.
Bugun, O‘zbekiston, mustaqil davlat va millat sifatida, yaqin o‘tmishga, Qodiriy tilida aytganda “moziyga qaytib”, o‘sha davrga xayolan safar qilish, undagi muammolarni anglash va ularga yechim izlash fursati keldi.
O‘zbekistonning zamonaviy tafakkurida, o‘tmishimizga va o‘zligimizga nisbatan fundamental shubhalar, ishonchsizliklar, salbiy qarashlar shakllantirildi. Mustamlakachilik, tabiiyki: “Sening ahvoling o‘ta og‘ir edi, biz kelib, seni odam qildik” dedi.
Shuning uchun, mustamlakachilik nazorati ostida, shonli tarix unuttirildi, o‘tmishdagi muammolar esa bo‘rttirildi. Aynan shuning uchun ham, tarixi orqali o‘zligi, demakki, kelajagi ham qisman jarohatlangan millatmiz. O‘tmishni yaxshi bilish, bizga o‘tmishdagi xatolarni bilish imkoniyatini beradi. Qolaversa, o‘tmishdagi salohiyatimizni bilish va his qilish imkoniyatini yaratadi.
O‘zbekiston davlatchiligi, o‘tmishimizga, demakki, kelajagimizga nisbatan ham shubha va gumonlar bilan to‘yintirilgan tariximizni xolis o‘rganish borasida, katta ishlar qilishi kerak. O‘zbekistonda juda yirik tarixchilar qatlami ishlashi kerak. Tarixchilarimiz, milliy tafakkurimizni muolaja qilishda, ishonchni o‘ziga qaytarishda – katta rol o‘ynashi kerak.
Tariximiz – uzun, ziddiyatli, shon-sharaflar va fojialar bilan to‘lib toshgan. Lekin hozirda tariximiz haqidagi bilganlarimiz, nazarimda, juda yuzaki va ancha bir yoqlamadek ko‘rinadi.
Jumladan, imperializm tomonidan yozilgan tarixga ko‘ra, yaqin o‘tmishda turkiy xalqlar va mutafakkirlar muttasil o‘zaro nizolarda bo‘lishgani singdiriladi. Chor Rossiyasi va sovetlar – xaloskor sifatida tasvirlanadi.















