2021 yilning oxirgi kunida O‘zbekistondagi eng yirik sement zavodlardan biri «Qizilqumsement» AJ ustav kapitalidagi 86,92 foiz davlat ulushi 1,89 trillion so‘mga United Cement Group’ga(ba’zi ekspertlarning fikricha offshor kompaniya) sotilgandi. Natijada Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ushbu kompaniyaning O‘zbekistonda egalik qiladigan sement zavodlari soni («Quvasoysement» va «Bekobodsement» bilan birga) 3taga yetdi.
Qo‘ldan qo‘lga o‘tayotgan zavodlar. O‘zbekistondagi sement zavodlari bilan nimalar bo‘lmoqda?
Ammo bu xususiylashtirish jarayoni investorlarda qator savollar va noroziliklarni keltirib chiqardi. Xususan, Fusion Wealth Management Ltd. kompaniyasi menejyeri Maykl MakGofiga ko‘ra, ushbu xususiylashtirish jarayoni shaffof tarzda amalga oshmagan.
Investor 2021 yilning kuzida o‘tkazilgan Toshkent investitsiya forumidan so‘ng O‘zbekistonga nisbatan ishonchi va umidi juda katta bo‘lgani, ammo bu kabi bitimlar xususiylashtirish/islohotlar dasturini savol ostiga qo‘yayotganini ta’kidladi.
MakGofi Linkidenʼdagi sahifasida «Qizilqumsement»ning xususiylashtirilishi bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
«Ma’lumot uchun, men ishlayotgan fond va shaxsan o‘zim 2018 yilning boshidan beri «Qizilqumsement»ga investorlik qilib kelamiz. O‘zbekiston fondimiz faoliyat yuritadigan eng yirik mamlakat.
2021 yilning oxirida zavodning har bir aksiyasi uchun 6500 so‘m taklif etilayotgandi, biroq narx 4859 so‘m etib belgilangan. Bu bozor narxiga nisbatan 20 foiz arzonroq va mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Firmani boshqarish imkoniyati juda qimmatga tushishi sababli bu kabi oldi-sotdilar joriy narxlardan ancha yuqori qiymatlarda sodir bo‘ladi. Ammo «Qizilqumsement» bilan buning teskarisi bo‘ldi. Xarid qilayotgan firma zavodni bozor narxiga nisbatan ham ancha chegirma bilan olgan.
Bu UzAssets motivlarini shubha ostiga qo‘yadi. Nima uchun ular bozordan narxlariga nisbatan ancha pastroq bahodagi shartnomani ma’qullagan? Yil yakunida savdo sessiyasi yopilishidagi oxirgi bitim bahosi 6500 so‘mni tashkil etgandi.







