O‘zbekiston | 13:10 / 26.01.2022
8185
2 daqiqa o‘qiladi

«Ohangaronsement» Alisher Usmonovga aloqador kompaniya ixtiyoriga o‘tdi

«Ohangaronsement» AJning 4 mln 837 ming 843 dona oddiy va 2133 dona imtiyozli aksiyalari «Akkermann Cement CA» tomonidan xarid qilingan. Bu kompaniya Alisher Usmonov egalik qiladigan holdingga tegishli.

Foto: Sputnik

«Ohangaronsement» AJning 98,6 foiz ulushi «Akkermann Cement CA» kompaniyasi ixtiyoriga o‘tdi. Bu haqda «Toshkent» respublika fond birjasi ma’lumotlarida keltirib o‘tilgan.

«Akkermann Cement CA» MChJ Rossiyaning «Akkermann Cement» kompaniyasiga tegishli. Mazkur kompaniyaga USM Cement, unga esa USM Holding egalik qiladi. Bu holdingning asoschisi va asosiy aksiyadori – milliarder Alisher Usmonovdir. 

20 yanvar kuni tuzilgan bitim bo‘yicha «Ohangaronsement» AJning 4,83 million dona oddiy va 2133 dona imtiyozli aksiyalari «Akkermann Cement CA» tomonidan xarid qilingan. Bitim «Gazprombank» tomonidan moliyalashtirilgan.

2021 yilda «Akkermann Cement CA» 4 million tonnaga yaqin sement ishlab chiqargan. Kompaniyaning asosiy aktivlari Novotroitsk va Gornozavodskdagi sement zavodlari hisoblanadi.

13 yanvar kuni «Ohangaronsement»ning asosiy aksiyadorlari hisoblanadigan Lamanka Enterprises Limited va Giacinttar Limited kompaniyalari o‘z aksiyalari sotilishini ma’lum qilib, jami 4 mln 837 ming 843 dona oddiy aksiyaning (98.36 foiz) har birini 390 ming so‘mdan baholagandi(umumiy 1 trln 886 mlrd 758 mln so‘m/173,8 mln AQSh dollari).

Avvalroq, Usmonovga qarashli bo‘lgan“Telekominvest” MChJ va “Korus” AJning «Kapitalbank»dagi ulushi oshganligi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid