Sovuq yaqin - gaz shoxobchalariga cheklovlar saqlab qolinadi, yirik iste’molchilar iste’moli kamaytiriladi
O‘zbekistonda 10-15 yanvar kunlari anomal sovuq kutilmoqda. Energetika vazirligi ko‘riladigan choralar haqida ma’lumot berdi.
Energetika vazirligi vazirlik rahbariyati ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda anomal sovuq oldidan energotizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olinganini ma’lum qildi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotini barqaror yetkazib berish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi.
Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi.
Energotizimdagi yirik iste’molchilarning kunlik elektr energiyasi iste’moli kamaytiriladi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi iste’moliga yo‘naltiriladi;
Energotizimda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik avariyalarning oldini olish, barcha iste’molchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi.
Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida kuniga o‘rtacha 49 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, bugungi kunda mazkur stansiyalar uchun 90 ming tonna mazut va 280 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi zaxirasi yaratilgan.
"Iste’molchilarga kunlik ko‘mir yetkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshiriladi. Yig‘ilishda sovuq kunlarda elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortishi natijasida elektr tarmoqlari va transformator punktlarida ham yuklamalar keskin oshishi ta’kidlandi.
Bunda, dispetcherlar mahalliy hokimliklar va hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan tasdiqlangan cheklov grafiklariga qat’iy amal qilishlari, ya’ni belgilangan muddatdan ortiq cheklovlar kiritmaydi", deyiladi bayonotda.
Ikki soatdan oshmagan vaqt oralig‘ida hududlar kesimida joriy etilayotgan cheklov grafiklari barcha viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilib borilishi ta’minlanadi.
Shuningdek, anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tun-u kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etildi. Ushbu brigadalar muammolar tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlaydi.
Iste’molchilar elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramʼdagi @HET_admin administratorga, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmoqdagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlari va @Uzbekcoaluz_bot “Telegram-botga murojaat qilishlari mumkin.
Vazirlik iste’molchilardan elektr qurilmalari va isitish moslamalariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, ushbu qurilmalardan foydalanilmayotgan vaqtlarda tarmoqdan ajratib qo‘yishlarini, energiya resurslaridan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlarini, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya qilishlarini so‘ragan.
Mavzuga oid
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
13:29 / 22.12.2024
Samarqandda tabiiy gaz va elektrdan qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan xodimlar ushlandi
15:57 / 21.12.2024
O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
07:40 / 21.12.2024