O‘zbekiston | 11:17 / 29.11.2022
21465
2 daqiqa o‘qiladi

Gap «uch tomonlama gaz ittifoqi» haqida bormoqda - To‘qayevning matbuot kotibi aniqlik kiritdi

Qozog‘iston prezidenti matbuot kotibi Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Vladimir Putin «uch tomonlama gaz ittifoqi» tuzish masalasini muhokama qilganini aytdi. Gap Rossiya gazining Qozog‘iston va O‘zbekiston hududi orqali transportirovka qilinishini muvofiqlashtirish haqida borgan.

Foto: AR/TASS

Qozog‘iston prezidenti matbuot kotibi Ruslan Jyeldibay mamlakat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Vladimir Putin o‘rtasidagi muzokaralarda qanday masala muhokama qilinganiga aniqlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, RF prezidenti taklif etgan «qandaydir uch taraflama ittifoq» Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokidagi uch tomonlama gaz ittifoqi hisoblanadi.

Bu mexanizmdan maqsad — Rossiya gazini tashishni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

«Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Vladimir Putin barcha manfaatdor tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda ushbu masalaga oqilona yechim topish uchun uch davlat ekspertlari ishtirokida batafsil muzokaralar olib borish zarur deb hisoblaydi», — deya Ruslan Jyeldibayning so‘zlarini keltirgan Tengrinews.kz.

Bundan avvalroq Qosim-Jo‘mart To‘qayev Vladimir Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida «qandaydir uch tomonlama ittifoq» tashkil etish haqida gapirgani va Qozog‘iston bu taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini aytgandi.

«Ha, qo‘shimcha muvofiqlashtirishni va hatto muzokaralarni talab qiladigan masalalar bor. Xususan, gap gaz sektori haqida ketyapti. Lekin biz qandaydir masalani dramalashtirmayapmiz. Men Vladimir Vladimirovichga shunday masalalar borligini aytdim, ular muhokama talab qiladi, lekin mutlaqo dramatizatsiyani emas. Bu ish yuzasidan bo‘ladigan masalalar», — deya qayd etgandi Qozog‘iston prezidenti.

Mavzuga oid