O‘zbekiston | 21:46 / 05.04.2022
12225
2 daqiqa o‘qiladi

Mart oyida Rossiyadan 50 ming migrant O‘zbekistonga qaytgan – Migratsiya agentligi

2022 yilning 1-choragida 133 ming migrant Rossiyadan O‘zbekistonga qaytgan. Tashqi mehnat migratsiyasi o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, 40 foiz fuqaro ishsizlik va valuta kursining beqarorligi sabab O‘zbekistonga qaytmoqchiligini ma’lum qilgan.

Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Rossiyadan qaytgan migrantlar haqida ma’lumot berildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Yunusovga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida 193 ming nafar mehnat migranti O‘zbekistonga qaytib kelgan. Shulardan 133 ming nafari Rossiyadan kelgan. Shundan 50 ming nafari mart oyida qaytgan. Solishtirish uchun 2021 yilda 502 ming mehnat migranti O‘zbekistonga qaytgan, shuning 280 ming nafari Rossiyadan kelganlardir.

“Bu yil, – deydi Azizbek Yunusov,– qaytib kelganlar bo‘yicha tumanlar, mahallalarda hokim yordamchilari va mehnat organlari ishtirokida mahallabay tizim asosida  uyma-uy yurib, 1 aprel holatida 128 ming nafar fuqarolarimizni o‘rganib chiqdik”.

Azizbek Yunusov

Ma’lum qilinishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadan qaytayotgan fuqarolarning qaytish sabablarini o‘rganish bo‘yicha o‘z so‘rovnomasini o‘tkazgan. Unda 15 mingga yaqin fuqaro ishtirok etgan. 

Qatnashuvchilarning 15 foizi ishini yo‘qotganligi, 25 foizi valuta kursining beqarorligi sabab qaytmoqchiligini ma’lum qilgan.

Ishtirokchilarning 24 foizi qaytishning ularga qizig‘i yo‘qligi, hozirgi paytda ishlayotgani, agar ish joyini yo‘qotsa, qaytish haqida o‘ylab ko‘rishi mumkinligini, 36 foiz fuqaro esa O‘zbekistonga qaytmasligini, ularning shartnomasi borligi va ish joyini o‘zgartirish niyati yo‘qligini bildirgan. 

Mavzuga oid