O‘zbekiston | 20:12 / 13.05.2020
119272
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hududlararo transport aloqasi tiklanishi rejalashtirilmoqda

Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni tiklash, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga poyezd qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

13 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mamlakatdagi epidemiologik vaziyat hamda hududlar rahbarlarining takliflaridan kelib chiqib, karantin talablarini yanada yumshatish masalalari muhokama qilindi. Xususan, «yashil» va «sariq» hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qat'iy amal qilgan holda xizmat ko‘rsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilandi.

Respublika komissiyasiga pandemiya qayta kuchaygan taqdirda vazirlik va idoralar bajarishi lozim bo‘lgan birlamchi vazifalar belgilangan tartibni tasdiqlash topshirig‘i berildi.

Olis hududlarning poytaxt bilan transport aloqasini tiklash juda dolzarb masala bo‘lib turgani qayd etildi. Shu bois Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni tiklash, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga poyezd qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, shaharlar ichida shaxsiy avtomobillar harakati bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish masalasi o‘rganilmoqda. Transport, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga bular bo‘yicha Respublika komissiyasiga taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid