19:24 / 19.12.2020
3802

Norboyeva: Barcha qonunlar korrupsiya holatlaridan xoliligi bo‘yicha ekspertizadan o‘tkaziladi

Senat raisi Tanzila Norboyeva qonunlarni ekspertizadan o‘tkazishda qanday jihatlarga e'tibor berilishi haqida gapirdi.

Foto: Senat matbuot xizmati

«Senatga kelib tushayotgan barcha qonunlarni korrupsiya holatlaridan xolimi yoki yo‘qmi, xalqaro reytinglardagi o‘rnimizga salbiy ta'sir qiladimi yoki yo‘qmi, ya'ni xalqaro standartlarga javob beradimi yoki bu narsaga xalaqit beradimi, degan nuqtayi-nazardan ekspertizadan o‘tkazyapmiz.

Chunki Senat rahbariyatiga mana shu komissiyalarga rahbarlik qilish topshirilgan. Shuning uchun buni hamma yaxshilab eshitib qo‘yishi kerak, har xil shubhalar bo‘lishi kerak emas.

Qandaydir konvensiyaga qo‘shilish yoki bo‘lmasam, bundan oldingi qonunlarni qabul qildik: Senat faoliyatiga oid, ommaviy axborot vositalari, blogerlarimiz faoliyatiga oid. Bu hammasi erkinlik, oshkoralik, standartlarga javob berish nuqtayi-nazaridan ekspertizadan o‘tkaziladi. Shuning uchun men xotirjam bo‘lishlaringni iltimos qilaman.

Agar unday holatlar bo‘ladigan bo‘lsa, unda biz qonunni qaytarish imkoniyatiga egamiz. Kecha 6ta qonunni qaytarganimiz haqida aytib o‘tdim. Ayrim holatlari mana shu standartlarga javob bermasligi tufayli qaytarildi.

Odamlar qaysi qonunlar qaytarilgani bo‘yicha savol beryapti. Saytimizda qaysi qonunlar qaytarilgani yozib qo‘yilgan. Buni kecha hammaning vaqtini olmaslik uchun aytib bermagandim. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda qaysi qonunlar qaytarilgandi deyishyapti. Saytimizga kirib, bunga bemalol javob olishlari mumkin bo‘ladi», dedi Tanzila Norboyeva Senat o‘ninchi yalpi majlisining ikkinchi ish kunida.

Qayd etish kerakki, Senat rasmiy veb-saytida 2020 yilda senatorlar tomonidan 6ta emas, 5ta qonun rad etilgani haqida ma'lumotlarni topish mumkin.

Bular:

«Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

«Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

«Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

«O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tomorqa yer uchastkalaridan oqilona foydalanilishini ta'minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi Qonuni

« Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni.

Top