Shifokorlarni ogohlikka chaqirgan birinchi holatlardan biri tokiolik 70 yoshdan oshgan kishi bilan kuzatildi.
Fevral oyida u Covid-19 bilan xastalanib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan, ammo muvaffaqiyatli tiklangan, odatiy hayotga qaytgan va hatto jamoat transportida yurgan.
Biroq, bir necha kundan keyin uning ahvoli yana yomonlashadi, harorati ko‘tariladi va u kasalxonaga qaytishga majbur bo‘ladi.
Yaponiyaning NHK telekanali xabar berishicha, u yana koronavirus uchun tekshiruvdan o‘tdi va natija ijobiyligi shifokorlarni hayratlantirdi.
Vaholanki bu Yaponiyadagi yagona holat emas, qayta infeksiyalanish yoki koronavirusning qaytishi juda kam hollarda bo‘lsada kuzatilmoqda. Virusologlar buning sababini tushuna olishmayapti.
Virus qaytalanadi
Ispaniya milliy biotexnologiya markazining virusologi Luis Enhuanesning BBC’ga aytishicha, koronavirusdan davolangan bemorlarning kamida 14 foizida qayta o‘tkazilgan tahlillardan keyin ham virus aniqlangan.
Uning fikriga ko‘ra, gap virusni qayta yuqtirish haqida emas, balki allaqachon kasallikdan tuzalgan odamning tanasida virusning yangi ko‘payishi haqida ketmoqda.
«Mening izohim, boshqa ko‘plab ehtimoliy tushuntirishlar qatorida, shunga taqaladiki, umuman olganda ushbu koronavirus populyatsiyada unga nisbatan immunitetni keltirib chiqaradi, ammo ba'zi odamlarda bu immunitet sust, — deydi Enhuanes. — Bu immunitet pasayishi bilan tanada qolgan virus qaytalanadi».

Virus tanada qoladi
Ba'zi viruslar tanada uch oy yoki undan ko‘proq vaqt saqlanib qolishga qodir.
«Bemor tahlildan o‘tib, avval ijobiy, so‘ngra salbiy reaksiyani ko‘rsatsa, shifokorlar odatda unda immunitet rivojlangani va infeksiya alomatlari takrorlanmasligini taxmin qilishadi, — deydi Enhuanes. — Ammo immun tizimining harakatiga kamroq ta'sirchan bo‘lgan to‘qimalarda infeksiyaning ba'zi qo‘zg‘atuvchilari saqlanib qolishi mumkin».









