O‘zbekiston | 20:15 / 24.11.2022
20730
6 daqiqa o‘qiladi

“Maqolani o‘chirtirsang, pulingni olasan”. Avtoyo‘l qo‘mitasi tadbirkor ayolga shartlar qo‘ymoqda

Avtomobil yo‘llari Davlat qo‘mitasiga lift o‘rnatib, 4 yildirki xizmat haqini ololmayotgan tadbirkor Kun.uz maqolasi ortidan prokuraturaga chaqirtirilgan. Holat bo‘yicha MIB bayonot berdi. Ammo muammo markazidagi qo‘mita hozirga qadar hech qanday reaksiya bildirgani yo‘q.

Muammo tarixi

2018 yilda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasiga 3 ta lift va eshik-romlar o‘rnatib bergan “Doston Akfa Plus” MChJ rahbari, tadbirkor Intizor Abdalniyozova 4,5 yildirki bajargan ishlari uchun 270 mln so‘m miqdoridagi xizmat haqini ololmay keladi.

Tender tanlovini o‘tkazgan “Yangiyo‘lqurilish” UK rahbarlari lift va eshik-romlar Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga qo‘yilganini aytib, shartnomaviy majburiyatini bajarishdan bo‘yin tovlayotgan bo‘lsa, qo‘mita tadbirkorga kim bilan shartnoma qilgan bo‘lsa, o‘shalarga murojaat qilishni tavsiya qilib suvdan quruq chiqqan.

Tadbirkor foydasiga chiqqan sud qarorlari MIBga kelib, oddiy qog‘ozlarga aylanadi. Byuro direktori Hasan Kabirjonov sud qarorlarini ijroga qaratish o‘rniga tadbirkorga qo‘lidan hech narsa kelmasligi, “Avtoyo‘l bilan murosa qilish”ni tavsiya qilgan.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining bir necha yildan buyon qurilayotgan binosi Foto: O‘zAvtoyo‘l rasmiy sayti

Maqoladan so‘ng...

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi mas’ullari Kun.uz’da e’lon qilingan maqoladan so‘ng 21 noyabr kuni tadbirkor bilan bog‘lanib, tahririyatga yozgan murojaatini qaytarib olishni, shunda kechgacha qarz to‘lab berilishini ma’lum qilgan. Biroq tadbirkor bunday qila olmasligini, barchasini qonun doirasida hal qilaverishlarini bildirgan. Shu kuni qo‘mita raisining matbuot kotibi Kun.uz tahririyati Bosh muharririga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyat bo‘yicha izoh berish o‘rniga maqolani saytdan o‘chirishni so‘ragan.

Bu orada “Yangiyo‘lqurilish” UK vakillari tadbirkorning uyiga borib pulni to‘lab berishlarini, faqat buning uchun Kun.uz saytidagi maqolani o‘chirtirishni so‘ragan.

23 noyabr kuni “Doston Akfa Plus” MChJ hisobraqamiga 270 mln so‘m miqdoridagi qarzning 90 millioni kelib tushgan. Shundan so‘ng “Yangiyo‘lqurilish” UK mutasaddilari unga saytda e’lon qilingan tanqidiy maqolani o‘chirtirish sharti bilan pulning qolgan qismi ham to‘lab berilishini ma’lum qilgan. Abdalniyozovaga mas’ullar qo‘mita raisi Abdurahmon Abduvaliyev ayni paytda umra ziyoratida ekani, u qaytguncha bu masala yopilishi shartligini aytishni ham unutishmagan.

Intizor Abdalniyozova, “Doston Akfa Plus” MChJ rahbari Foto: Kun.uz

Maqola ortidan 21 noyabr kuni Intizor Abdalniyozova Bosh prokuraturaga chaqirilgan. Tadbirkorni qabul qilgan mutasaddilar 22 noyabr kuni uni Nig‘matilla Yo‘ldoshevning topshirig‘iga ko‘ra Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova qabul qilishini ma’lum qilishgan. Biroq aytilgan kuni Ortiqova qabul qilmagan. Chorshanba, 24 noyabr kuni Intizor Abdalniyozova Bosh prokuraturaning boshqa mutasaddilari tomonidan qabul qilingan, biroq uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda muammosiga aniq yechim aytilmagan.

Shundan so‘ng tadbirkor Toshkent shahar prokuraturasiga chaqirtirilgan. U yerda unga 270 mln so‘m qarzni Avtoyo‘l naqd pul shaklida, ya’ni 15 ming AQSh dollari va 90 mln so‘m ko‘rinishida qoplab bermoqchi ekanini aytishgan. Tadbirkor pul hisobraqamiga o‘tkazib berilishi kerakligini aytib, bu taklifni rad etgan.

MIB qarzdorning texnikalari xatlanganini ma’lum qildi

Tanqidiy maqolaga munosabat bildirgan Majburiy ijro byurosi axborot xizmati sudning ijro varaqalari hamda viloyat soliq boshqarmasining qarorlariga asosan qarzdor “Yangiyo‘lqurilish” UKdan 321 mln so‘m soliq qarzi, 28 mln so‘m davlat boji, shuningdek, jami 16 nafar korxonalar foydasiga 4,3 mlrd so‘m qarz undirish haqidagi ijro hujjatlari mavjudligini ma’lum qildi.

“Yangiyo‘lqurilish” UKning xatlangan texnikalari Foto: MIB

Qarzdorga tegishli 4 ta maxsus texnika vositalari xatlangan, jami 4 mlrd so‘mga baholanib, realizatsiya qilish uchun onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan. Sotuvdan tushgan pul mablag‘lari undiruvchilar o‘rtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi”, deyiladi bayonotida.

Yana bir davlat qo‘mitasi raisi puli to‘lanmagan liftdan foydalanadi

Buni qarangki, Intizor Abdalniyozova faqat Avtoyo‘ldan kuygani yo‘q. U ayni kunda yana bir davlat qo‘mitasining markaziy binosiga o‘rnatgan liftlari uchun ham pulini to‘liq olmagan. U o‘rnatgan liftlarning biridan qo‘mita raisi ham foydalanadi. Va eng asosiysi, rais liftning puli to‘lanmaganini juda yaxshi biladi.

Raisining kabinetidagi hojatxonasiga ming dollarlik unitaz o‘rnatilgan qo‘mita qaysi ekaniga oid tafsilotlar bilan tez kunlarda Kun.uz sayti orqali tanishasiz.

Jamshid Niyozov,
jurnalist

Mavzuga oid