O‘zbekiston | 13:51 / 23.11.2023
5684
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosini rivojlantirishning yangi bosqichida asosiy e’tibor yerosti bekatlariga qaratiladi

Metropolitenni rivojlantirishning 2040 yilgacha bo‘lgan strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Unda asosan yerosti bekatlarini qurishga katta e’tibor berilishi ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, yig‘ilishda davlat rahbari keyingi yillarda jamoat transportini qaysi yo‘nalishlarda rivojlantirish kerakligi bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Xususan, avtobuslar va metro vagonlarini xarid qilishdan tashqari, avtobus va metro yo‘nalishlarini bir-biriga bog‘lash, avtobuslar uchun alohida harakatlanish yo‘laklarini ishlatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

“Toshkent metropoliteni” DUK boshlig‘i Rahmonbek Usmonovga ko‘ra, hozirda prezident topshirig‘i asosida metropolitenni rivojlantirish bo‘yicha strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Unda 2040 yilgacha nechta yangi stansiya qurilishi, metro qayerlarni qamrab olishi kabilar belgilanadi.

“Yangi texnologiyalar asosida metropoliten qurish bo‘yicha topshiriqlar berganlar. 2040 yilgacha rejalashtirilayotgan qurilish ishlarida asosan yerosti metrosiga katta e’tibor beriladi. Shuni inobatga olib, eski shahar qismi, ayniqsa Yangi Toshkentni [shahar bilan] bog‘lovchi ikkita metro yo‘nalishi rejalashtirilmoqda. Yaqin kunlarda hurmatli prezidentimizning bularning taqdimotini qilamiz va shu bo‘yicha ishlarimizni boshlaymiz”, – dedi Rahmonbek Usmonov.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Toshkent metrosida qo‘shimcha 32 km yo‘l qurilib, 21 ta yangi stansiya ishga tushirildi, ulardan aksariyati – yerusti bekatlaridir.

Toshkent shahrini Yangi Toshkent bilan bog‘lovchi ikkita metro liniyasi “Buyuk ipak yo‘li” va “Do‘stlik” bekatlaridan boshlanishi avvalroq ma’lum bo‘lgan edi. Yangi Toshkentda o‘zaro uyg‘un metro va tramvay tarmoqlari bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Metropolitenning “Chilonzor” yo‘lini yerosti yo‘l o‘tkazish orqali TTZ massivigacha uzaytirish rejalari haqida 2021 yilda xabar qilingandi.

Kun.uz avvalroq metroning 5 ta yerosti bekatidagi ikkinchi vestibyullar ochilishi kutilayotgani haqida yozgandi.

Mavzuga oid