Jinoyat sodir etgan transport sohasi vakillarining 95 foizi korrupsionerlar ekani aytildi
2019–2020 yillar va 2021 yilning 1-yarmida transport sohasidagi korxona va tashkilotlarning 375 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 358 nafari yoki 95 foizi korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgan, deya ma'lum qildi senator Qutbiddin Burxonov Senatning XX yalpi majlisida.
“Tahlillar sohada obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar maqsadli sarflanishi ustidan nazorat yetarlicha o‘rnatilmagani va o‘zaro hisob-kitob qilish jarayonidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmaganini ko‘rsatdi.
Mazkur davrda bu kabi toifadagi tergov qilingan jinoyat ishlari bo‘yicha jami 24 mlrd so‘mlik budjet va boshqa mablag‘lar talon-toroj qilingani aniqlangan.
Ayniqsa, avtomobil yo‘llariga mas'ul bo‘lgan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimidagi 149 nafar xodimning jinoyat sodir etgani tashvishli holdir.
Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan so‘nggi ikki yilda 12 mingdan ortiq qonunbuzilishlar aniqlangan bo‘lsa-da, prokuratura organlariga bor-yo‘g‘i 8 ta material yuborilgan, xolos”, – deya Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Majlisda parlament so‘rovida keltirilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan davom ettirish zarurligi ta'kidlandi. Masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Avvalroq senator Qutbiddin Burhonov yo‘l qurilishi sohasida pudratchi tomonidan bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari sifatini aniqlash bo‘yicha sinov laboratoriyasi aynan pudratchining o‘zi tomonidan jalb qilinayotgan holatlar mavjud ekani, bu esa tizimda korrupsiyaviy omillarni yuzaga keltirayotganini tanqid qilgandi.
24 sentyabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida hisobot bergan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 2020 yilda 1723 nafar, 2021 yilning 6 oyi mobaynida esa 2544 nafar mansabdor shaxs korrupsiya bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilganini ma'lum qilgandi. 2021 yilda jinoyat ustida qo‘lga tushgan amaldorlarning 55 nafari Transport vazirligi tizimidagi mulozimlardir.
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
12:20 / 19.12.2024
Fransiya kassatsiya sudi Sarkoziga hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi
17:16 / 17.12.2024
Qirg‘iziston bosh vaziri korrupsiya tufayli iste’foga chiqarilgan bo‘lishi mumkin
15:17 / 17.12.2024