So‘nggi kunlarning asosiy mojarosi. Trampning Zelenskiy bilan iyuldagi suhbati nimani anglatadi?
AQSh prezidenti Donald Tramp yana barchaning diqqat markazida. Uning navbatdagi harakati okeanortidagi siyosatchilarni g‘azabga soldi. Tramp o‘zining saylovdagi asosiy raqibi bo‘lishi kutilayotgan sobiq vitse-prezident Jo Baydenni Ukraina orqali poygadan chiqarishga urinmoqda. Hammasi birgina telefon qo‘ng‘irog‘idan boshlandi...
Ota o‘g‘il
Trampning qo‘ng‘irog‘i unga ko‘p muammo keltirgani sir emas. Bu galgi impichmentga boshlayotgan mojaro ham telefon muloqotidan boshlandi. Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, avvaliga uni partiyasi parlament saylovlarida g‘olib bo‘lgani bilan yana bir marta tabrikladi va keyinroq «muddaoga o‘tdi». Tramp Ukraina prezidentidan AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li bilan bog‘liq mojaroni o‘rganishni so‘ragan. Gap shundaki, Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Bayden Ukrainadagi gaz qazib oluvchi «Burisma» kompaniyasining direktorlar kengashiga a'zo bo‘lgan va 5 yil o‘tib bu lavozimdan ketgan. Trampning iddaosiga ko‘ra, millionlab dollar pul bilan...
«Biz sizdan ko‘p narsa o‘rgandik...»
Tramp suhbat jarayonida Zelenskiydan aynan mana shu ishni o‘rganishni so‘ragan. Bu esa turgan gapki boshqa mamlakat rahbariga bosim o‘tkazish hisoblanadi, garchi Zelenskiy bunday emas deb aytayotgan bo‘lsa ham.
Keling, Tramp va Zelenskiyning suhbat steneogrammasini aynan keltirsak:
Tramp: Sizni ajoyib g‘alaba bilan qutlayman. AQShda sizning harakatlaringizni kuzatib bordik, siz autsayderlar qatorida bo‘la turib g‘alabaga erishdingiz. Tabrigimni qabul qiling, zo‘r g‘alaba!
Zelenskiy: Siz haqsiz, janob prezident, biz katta g‘alabaga erishdik. Bir narsani tan olishim kerak, biz sizdan ko‘p narsa o‘rgandik. Siz bizga o‘rnak bo‘ldingiz. Birinchi marta menga prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lganimda qo‘ng‘iroq qilgandingiz, endi esa partiyamizning parlament saylovlaridagi g‘alabasi bilan qutlab qo‘ng‘iroq qilyapsiz. Siz menga tez-tez qo‘ng‘iroq qilishingiz uchun saylovlarda qatnashib turishim kerak ekan.
Tramp (kuladi): Yaxshi taklif. Umid qilaman, xalqingiz sizdan rozi.
Zelenskiy: Mamlakatda hammasi yaxshi bo‘lishi uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilyapmiz. Biz yangi hukumatni shakllantiryapmiz. Endi hukumatda eski gvardiya, odatiy siyosatchilar bo‘lmaydi. Bu borada siz bizning ustozimizsiz.
Tramp: Bir narsani bilishingiz kerak, biz Ukraina uchun ko‘p narsa qilyapmiz. Yevropaning boshqa mamlakatlariga qaraganda ancha ko‘p. Masalan, Germaniya sizlar uchun hech narsa qilmayapti. Ular faqat gapirishni bilishadi. Angela Merkel ham Ukraina haqida gapirgani-gapirgan, lekin sizlar uchun hech narsa qilmaydi.
Zelenskiy: Ha, siz haqsiz, 100 foiz emas, 1000 foiz haqsiz. Men Merkel bilan, Makron bilan uchrashib, ular sanksiyalar borasida ko‘proq ish qilishlari mumkinligini aytdim. Bir qarashda bizning asosiy hamkorimiz Yevropa Ittifoqi bo‘lishi kerak, ammo AQSh bilan aloqalarimiz yaxshiroq va biz uchun muhimroq. AQSh biz uchun ko‘p narsa qilyapti. Biz harbiy sohadagi hamkorlikdan ham mamnunmiz. Himoyalanish uchun AQShdan «Javelin» (bitta o‘q otishi 80 ming AQSh dollari turadigan tank hujumidan himoyalovchi raketa kompleksi) sotib olishga ham tayyormiz.
Tramp: Sizdan bir xizmat qilishingizni so‘rayman. «Kraudstrayk» (gap hakerlik hujumi haqida ketmoqda) bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritsangiz. Aytishlaricha, ularning serveri Ukrainada joylashgan. Sizdagi o‘ziga tinch odamlardan biri... Fikrimcha, bu ishlarga aralashganlar sizning atrofingizda ham to‘plangan. O‘zingiz ko‘rdingiz hammasi safsata bo‘lib chiqqanini. Uydirmalar Robert Myuller degan janobning arzimagan chiqishi bilan yakunlandi. Bu borada qo‘lingizdan kelganini qilishingizni so‘rayman, bu juda muhim.
Zelenskiy: Bu biz uchun ham juda muhim. Biz munosabatlarimizda yangi sahifa ochilishini xohlaymiz. Shu bois biz AQShdagi elchimizni chaqirib oldik. Uning o‘rniga tajribali va kuchli elchini yuboramiz. Yangi elchimiz sizning ishonchingizni qozonib, siz bilan shaxsiy munosabatlar o‘rnatishini ham xohlardim. Buni hamkorligimiz uchun muhim deb o‘ylayman.
Sizga shuni ma'lum qilishim kerakki, yaqinda mening odamlarimdan biri janob Juliani (Trampning advokati) bilan uchrashdi. Agar janob Juliani Ukrainaga kelsa, u bilan gaplashib olgan bo‘lardik. Siz va mening oramizda do‘stlarimiz turganiga ishonishingizni so‘rayman. Biz do‘st ekanimizni yana bir bor takrorlamoqchiman. Surishtiruv masalasiga kelsak, men prezident sifatida uning ochiq o‘tishini ta'minlashga so‘z beraman.
Tramp: Yaxshi. Eshitishimcha, sizlarda bitta yaxshi prokuror bor edi va uni nimagadir ishdan bo‘shatishdi. Sizning ajoyib prokuroringiz ishdan ketishida ba'zi yomon odamlar aralashganini eshitdim. Juliani ajoyib inson, u Nyu-Yorkning meri bo‘lgan. Ajoyib mer. Men ham u siz bilan gaplashib olishini so‘rayman. Undan sizga va bosh prokuroringizga qo‘ng‘iroq qilishini so‘rayman.
Shu o‘rinda AQShdagi sobiq elchingiz, ayol kishi juda yoqimsiz odam bo‘lganini aytishim kerak. Uning atrofidagilar ham yoqimsiz odamlar edi. Yana bir narsa, ko‘pchilik Baydenning o‘g‘li haqida gapirmoqda. Bayden o‘g‘li bilan bog‘liq jinoiy ish bilan shug‘ullangani haqida ko‘pchilik bilishni xohlaydi. Siz va bosh prokuror bu borada qiladigan ishlar juda muhim. Bayden hamma yerda men ishni yopganman deb maqtanib yurgan ekan. Bu yomon, juda yomon.
Zelenskiy: Avvalo prokuror haqida gapirsam. Bu ishdan xabarim bor. Bizning partiya ko‘pchilik ovoz olganidan keyin sizni ishontirib aytishim mumkinki, yangi prokuror mening odamim bo‘ladi. Bu tekshiruv adolat tiklanishi uchun muhim deb hisoblaymiz. Agar bu borada qo‘shimcha ma'lumotlar bo‘lsa, bizga ulashishingizni xohlardik. Ukrainaning AQShdagi elchisi o‘z ishini yomon uddalaganini yaxshiyam o‘zingiz aytdingiz. Adashmasam, uning familiyasi Yovanovich edi. Uning men bilan ham aloqasi yaxshi emasdi va oldingi prezidentni qo‘llashini yashirmasdi. U meni prezident sifatida qabul qila olmagandi desam ham bo‘ladi.
Tramp: Ha, endi u ba'zi sinovlarni bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Juliani albatta sizga qo‘ng‘iroq qiladi. Sizning oldingi prokuroringizga nisbatan to‘g‘ri ish qilishmagan. Uni yaxshi, tartibli inson deb eshitdim. O‘ylaymanki, siz muammoni hal qila olasiz. Ukraina resurslarga boy davlat va umid qilaman, sizning iqtisodingiz o‘sishga erishadi. Mening ko‘p ukrain do‘stlarim bor.
Zelenskiy: Men esa shu o‘rinda AQShda ukrainalik do‘stlarim kam ekanini aytmoqchiman. Vashingtonga taklif qilganingiz uchun rahmat aytgan holda bu ishga jiddiy qarayotganimizni aytmoqchiman. Yana bir gap, Ukrainaning energetika borasida ehtiyojmandligi borligi sabab siz bilan hamkorlikda energiya mustaqilligiga erishishga umid qilamiz.
Tramp: Rahmat. Qachon Oq uyga kelishni xohlasangiz, telefon qiling va biz sanasini o‘ylab ko‘ramiz. Uchrashuvimizni intizor bo‘lib kutyapman.
Zelenskiy: Sizni Kiyevga taklif qilaman. Bu ajoyib shahar. Shaharni xohlasangiz, mening samolyotimda, xohlasangiz sizning samolyotingizda aylanamiz. Sizning samolyotingiz menikidan ancha yaxshiroq bo‘lsa kerak.
Tramp: Yana bir marta tabriklayman, siz fantastik ish olib boryapsiz. Buni butun dunyo kuzatib turibdi.
Zelenskiy: Rahmat, janob prezident, ko‘rishguncha.
Bu stenograma shunchaki e'lon qilingani yo‘q. Trampning Zelenskiy bilan suhbati borasida gap so‘zlar ko‘payganidan so‘ng Oq uy suhbat stenogrammasini chiqarishga majbur bo‘ldi. Xo‘sh, suhbat davomida bir necha marta takrorlangan «Bayden ishi»da aslida nimalar bo‘lgandi?
AQSh sobiq vitse-prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Bayden 2014 yilda Ukrainaning yirik gaz qazib oluvchi korxonasi «Burisma»ning direktorlar kengashiga kiradi. 5 yil davomida korxonada faoliyat yuritgan kichik Bayden «Burisma»ning xalqaro aloqalar o‘rnatishiga yordam bergan. Bu borada «Burisma»ning maxsus press-relizida ham aytilgan. Ammo Hanterning o‘zi New York Times nashriga bergan intervyusida bu ma'lumotni rad etgan.
Hanter Ukraina korxonasida rasman 50 ming AQSh dollari miqdorida maosh olgan. Ammo unga tegishli bo‘lgan AQShdagi hisob raqamlaridan biriga 5 yil davomida 3,1 million dollar pul tushgan. «Burisma» esa bu pullarni qandaydir Piter Shveytsarga berganini yozgan. Hanterning «Burisma»ga ishga kirishi AQShda o‘sha vaqtning o‘zida yomon kutib olingan. Chunki uning otasi mamlakatning vitse-prezidenti sifatida Ukrainada korrupsiyaga qarshi kurashda yordam berishi ham kerak bo‘lgan.
Hatnerning aytishicha, u hech qachon otasi bilan Ukrainadagi faoliyatini muhokama qilmagan. Tramp bejizga Zelenskiy bilan suhbat davomida ko‘p marta Ukrainaning sobiq bosh prokurori Viktor Shokinning iste'fosi haqida gapirmagan. Aynan Hanter Baydenga qarshi ish ochishga uringani uchun Shokin ishdan ketkazilgani haqida gaplar yuradi. Prokuror Ukraina ekologiya vaziri Mikola Zlochevskiy davlat organi rahbari bo‘lib turgan bir vaqtda qanday qilib uning korxonasi xalqaro litsenziya olganini surishtira boshlaydi. Bunga esa aynan kichik Bayden yordam bergani aytiladi. Trampning iddaosiga ko‘ra, Shokin aynan Baydenning bosimi sabab ishdan ketgan. Uning fikricha, sobiq vitse-prezident bu uchun shantaj yo‘lidan foydalangan.
Sobiq vitse-prezident Jo Bayden bu borada fikr bildirar ekan o‘tgan yil shunday degandi: «Men yana olti soat shu yerda bo‘laman va agar prokuror ishdan ketmasa, siz pulni olmaysiz deb aytganman». Baydenning aytishicha, u Ukraina hukumatidan korrupsion tizim yaratgan prokurordan qutulishni, aks holda AQSh 1 milliard dollar kredit uchun Ukrainaga kafil bo‘lmasligini aytgan. Shundan so‘ng Baydenning ta'biri bilan aytganda, «jin urgur prokuror» ishdan ketgan.
AQSh nashrlarining yozishicha, prokuror Shokin ishdan ketgan vaqtda «Burisma» bilan bog‘liq ishlar to‘xtatib bo‘lingan va Baydenning chiqishi gaz qazib oluvchi bu kompaniya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan. 2019 yil avgust oyida ishdan ketgan Ukraina sobiq bosh prokurori Yuriy Lutsenko hali bu lavozimda ishlab turgan vaqtida Bayden va uning o‘g‘li Ukraina qonunlarini buzmaganini aytgandi: «Hanter Bayden hech qanday qonunbuzarlik qilmagan. Korxona direktorlar kengashi vakiliga xohlaganicha pul to‘lashi mumkin»,– degandi hali bosh prokuror lavozimida ishlab turgan vaqtida Lutsenko.
«Bu mafiyani esga soladi»
AQSh Vakillar palatasining razvedka bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Adam Shiffning aytishicha, Trampning Zelenskiy bilan suhbati mafiyani eslatib yuboradi: «Oq uy bu stenogrammani e'lon qilganida hayratdan yoqa ushladim. Bu suhbatning e'lon qilinishi prezidentga yordam beradi deb o‘ylaganlar adashadi. Bu mafiyaning klassik ko‘rinishini esga soladi».
Shu o‘rinda AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishi kutilayotgan Jo Bayden Trampning u va o‘g‘li haqidagi gaplariga munosabat bildirdi:
«Bu vakolatini suiiste'mol qilish deyiladi. AQShdan yordam so‘rayotgan mamlakat rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, unga mening ustimdan tekshiruv o‘tkazishni so‘rash juda xunuk narsa».
Tramp va Zelenskiyning suhbatida eng ajoyib ta'rifni AQSh prezidentligi poygasida unga yutqazgan Hillari Klinton berdi.
«Prezident saylovda boshqa mamlakatdan yordam so‘radi. Yana»,– deb yozdi sobiq davlat kotibi tvitterdagi sahifasida.
Mavzuga oid
17:35 / 25.12.2024
Janubiy Koreyaning lavozimidan vaqtincha chetlatilgan prezidenti yana so‘roqqa kelmadi
15:50 / 25.12.2024
Zelenskiy: Slovaklarga RFdan gaz uchun tovon puli taklif qilingan
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
17:40 / 24.12.2024