Toshkentdagi konsert vaqtida ro‘y bergan tiqilinchda qurbonlar bo‘lgani rad etildi
Poytaxt IIBB Jah Khalib'ning “Humo” arenasidagi konsertiga kirishda yuzaga kelgan tiqilinch oqibatida insonlar o‘limi ro‘y bergani haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Chiptalar qalbakilashtirilgani bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Chipta operatoriga ko‘ra, qalbakilashtirish natijasida bitta QR kod yordamida 115 kishi konsertga kirishga uringan.
25 noyabr kuni Toshkentdagi “Humo” arenasida xonanda Jah Khalib'ning konsertiga kirishda tartibsizlik yuzaga kelgan edi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tartibsizlik oqibatida pichoqbozlik va o‘lim ro‘y bergani haqida internetda tarqalgan mish-mishlarni rad etdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Milliy gvardiya va Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan nazoratga olinib, og‘ir oqibatlar sodir bo‘lishining oldi olingan.
“Ayrim ijtimoiy tarmoq faollari ushbu tartibsizlik jarayonida go‘yoki bir nechta fuqarolar jarohat olgani va vafot etganligi haqida asoslanmagan va tekshirilmagan xabarlarni tarqatmoqda. O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida ushbu holatda birorta fuqaro jarohat olganligi va vafot etganligi haqida xabar kelib tushmagan. Ijtimoiy tarmoq faollaridan asoslanmagan va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz”, – deyiladi rasmiy xabarda.
IIBBga ko‘ra, bu konsertga kirish uchun fuqarolarga soxta chiptalar sotilgani holati yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Konsertga chipta sotishga mas’ul bo‘lgan iticket.uz kompaniyasi ham holat bo‘yicha izoh berdi. Kompaniyaning Kun.uz'ga taqdim etgan rasmiy munosabatida aytilishicha, soxta chiptalar boshqa saytlardan xarid qilingan.
“Tomoshabinlarning fan zonasiga kirishini nazorat qilish chog‘ida konsertga soxta chiptalarni iticket.uz rasmiy platformasi orqali emas, balki boshqa saytlardan xarid qilgan ko‘plab odamlar tomonidan qo‘zg‘atilgan nazoratsiz navbat paydo bo‘ldi. Yuzlab soxta chiptalar aniqlanib, vositachilar va sotuvchilar tomonidan sotilgan. Shunday qilib, atigi bitta QR kod yordamida tadbirga kirishga 115 ta urinish qilingan.
Dasturiy nazorat tizimi tufayli qalbaki chipta sotib olgan shaxslar tadbirga kira olmadilar. Biroq, ular yaratgan tartibsizliklar natijasida qo‘llarida haqiqiy chipta bo‘lgan odamlar ham konsertga kela olmadilar.
Ayni paytda qalbaki chiptalar hamda ularni sotgan va sotib olgan shaxslar to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar har bir yuzaga kelgan voqea uchun aybdor shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish uchun IIBBga topshirildi.
Biz afsusdamiz va shuni ta’kidlab o‘tamizki, Jah Khalib konsertiga rasmiy manbadan yoki iticket.uz kassasidan chipta sotib olgan va tadbirda qatnasha olmagan har bir mijozning to‘lovi qaytariladi”, – deyiladi iticket.uz bayonotida.
Kompaniya huquq-tartibot idoralariga yordam berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini qayd etib, mijozlardan chiptalarni faqat veb-sayt yoki iticket.uz kassasidan yoki tadbir tashkilotchilaridan sotib olishni so‘ragan.
“Chiptalarni qayta sotish yoki ularni boshqa shaklda sotish qonunan taqiqlanadi”, – deya eslatgan chipta operatori.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024