Ko‘mirga o‘tish harakatlari

2023 yil yanvar oyida shu vaqtgacha deyarli hech qachon gaz va elektr tanqisligini boshidan o‘tkazmagan poytaxtliklar ham bir necha kunlab gaz va elektr tokisiz qolib ketishdi. Bunday vaziyatda davlat nimadir qilishga, keyingi yilgi qish mavsumi uchun turli choralar ko‘rishga shoshilyapti. Sobiq energetika vaziri Alisher Sultonov 2 yil oldin «gazimiz 3ta O‘zbekistonni boqishga yetadi», deb ishonch bilan aytganiga qaramay, hukumat hozir gaz zaxiralarimiz qolmaganini pesh qilyapti. Yechim sifatida aholi uylariga quyosh panellari o‘rnatish va ayrim ijtimoiy obektlarni ko‘mirga o‘tkazish taklif qilinyapti.

Prezident qarorida aytilishicha, endi O‘zbekistonda gazni tejash maqsadida maktab, bog‘cha, shifoxona va zavodlarning ma’lum bir qismining istish tizimi ko‘mirda ishlashga moslashtiriladi. Yil oxirigacha 5407ta ijtimoiy obekt  uchun 184,4 ming tonna ko‘mir yetkazib berilishi kerak. Fuqarolarining qishda jon saqlashiga qayg‘urilayotgani yaxshi, biroq bu ekologiyaga tahdid evaziga bo‘lmasligi kerak. Ko‘mirdan foydalanish vaqtincha chora bo‘lsa ham, yetarlicha ekologik muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham butun dunyoda ayni damda ko‘mirdan foydalanishni qisqartirishga o‘tilib, davlatlar uchun limitlar belgilash boshlangan.

Global isishga ta’siri

Ko‘mir dunyoda insoniyat foydalanadigan yoqilg‘ilar ichida tabiatni eng ko‘p ifloslovchi hisoblanadi. Statistikaga qaralsa, 1 daraja ko‘tarilgan global isishning 0,3 darajasi ko‘mir hissasiga to‘g‘ri keladi. Elektr ishlab chiqarishda foydalanilayotgan ko‘mir esa karbonat angidrid chiqindilarining 30 foizini tashkil qiladi. Yoki elektr energiyasini ko‘mir bilan ishlab chiqarganda gazga qaraganda 72 foiz ko‘proq CO2 ajralib chiqadi. 2021 yilda dunyodagi CO2ʼning 40 foiziga ko‘mir yoqilishi sabab bo‘lgan