O‘zbekiston | 23:01 / 06.05.2020
33660
3 daqiqa o‘qiladi

«Yashil» hududlarda istirohat bog‘lari ham ochiladi. Barcha hududlarda niqob taqish majburiyligicha qoladi

Ayni vaqtda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar mavjud bo‘lmagan Navoiy, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari «yashil» toifadagi hudud hisoblanadi.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, «yashil» hududlarda «qizil» va «sariq» hududlarda ruxsat berilganlariga qo‘shimcha ravishda park va istirohat bog‘lari faoliyatiga (attraksion va ko‘ngilochar obektlar faoliyati bundan mustasno), avtotransportlarning stikersiz harakatiga hamda davlat tashkilotlarida fuqarolar qabullariga ham ruxsat beriladi.

Shuningdek, barcha toifadagi hududlar uchun quyidagi majburiy talablar saqlab qolinadi:

  • ijtimoiy masofani (2 metr) saqlash, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalardan foydalanishi;
  • ta'lim tashkilotlari, o‘quv kurslari, ko‘ngilochar obektlar, buyum bozorlari faoliyati va jamoat transporti harakatini yo‘lga qo‘ymaslik;
  • barcha turdagi ommaviy tadbirlar, oilaviy tantana, to‘y, ma'raka va marosimlarni (dafn marosimlari 10-15 kishidan ko‘p bo‘lmagan hollar bundan mustasno) o‘tkazmaslik;
  • dehqon bozorlari va oziq-ovqat savdo nuqtalarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37°S va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik;
  • barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan ta'minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofani saqlagan holda faoliyat yuritishini ta'minlash;
  • qurilish-ta'mirlash ishlarida obektlar hududini to‘liq karantinga olish va ularda sanitariya-gigiyena tadbirlarini amalga oshirib borish.

Yuqoridagilardan tashqari, viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan cheklovlar saqlab qolinadi. Bunda:

  • doimiy ro‘yxatdan o‘tgan holda «qizil» toifaga kiruvchi hududlarda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari (nodavlat tashkilotlarida – ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan tegishli ruxsatnoma asosida) xodimlariga mazkur hududga kirish va chiqishga;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nobud bo‘lishining oldini olish maqsadida aholi talablaridan kelib chiqib, fermer va dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va ko‘kat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish maqsadida viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Mazkur qaror bilan mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yanada yaxshilanib, bu borada ijobiy dinamikani ta'minlash maqsadida «qizil» toifaga kiruvchi hududlarda amaldagi belgilangan karantin cheklovlari saqlab qolinmoqda.

O‘z navbatida, «qizil» toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek «yashil» va «sariq» toifaga kiruvchi hududlarda ushbu qaror bilan ruxsat berilgan faoliyat turlarini o‘rnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid