Onlayn nazorat kassa mashinalari uchun mantiqsiz xarajatlar: tadbirkorlar dardini kim tinglaydi?
Onlayn nazorat kassa mashinasi uchun oylik abonent to‘lovi daromadi bundayroq o‘rta biznes egalarining «qornini og‘ritayotgan» muammolardan biriga aylanib ulgurdi. Ammo ularning murojaatlarini tinglaydigan tashkilot hozircha topilmayapti.
Davlat soliq qo‘mitasi «Bu xizmat ko‘rsatuvchi va tadbirkor o‘rtasidagi shartnomaviy munosabat, biz unga aralasha olmaymiz», deyishdan nariga o‘tmayapti.
Bu tadbirkorlarni norozi qilayotgan qanday baloki, undan qutulib bo‘lmasa?
Hozir hech bir sohani elektron qurilmalarsiz tasavvur etish qiyin. Raqamli texnologiyalar, barcha sohalarda o‘z o‘rnini egallab bormoqda.
Xususan, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasiga tatbiq etilayotgan onlayn kassa apparatlari tadbirkorlarning ham, xaridorlarning ham vaqtini tejab, ularga yaxshigina ko‘mak ham beryapti.
Ammo ko‘plab tadbirkorlarning o‘rinli va asosli e'tirozlariga sabab bo‘layotgan «tanganing ikkinchi tomoni» ham mavjud.
Onlayn nazorat kassa mashinasini o‘rnatish berish mohiyatan bir xizmatdir. Ammo bir marta ko‘rsatilgan xizmat uchun har oy haq to‘lash mantiqqa to‘g‘ri keladimi?
Oyiga o‘rtacha 100 ming so‘m xarajat — kuniga minglab marta terminal orqali savdolarni amalga oshiradigan, yirik savdo aylanmasiga ega tadbirkorlar uchun ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin. Ammo, o‘zi jo‘jabirday jon bo‘lgan savdo nuqtalari ham aynan shu miqdordagi summani to‘lashi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Nahotki mana shu jihatlarini yuqorida o‘tirgan amaldorlar bilmasa... Yoki bilib turib bilmaslikka oladilarmi?!
Ijtimoiy tarmoqlarda ham onlayn nazorat kassa mashinalariga tadbirkorlar tomonidan qilinayotgan ortiqcha to‘lovlar yuzasidan e'tirozlar soni kundan kunga ko‘paymoqda.
«Onlayn kassa apparatining narxi — 3 million so‘m. Olish majburiy! Bankka olib borib, terminal sistemasiga ulatish — 350 ming so‘m. Kamiga, apparatni ishlatganing uchun har oy 100 ming so‘m «abonent to‘lovi» ham to‘laysan. Senga to‘zim bersin, sho‘rlik tadbirkor. Sotib olgan shaxsiy buyumingni ishlatganing uchun ham pul to‘lasang-a! Bu qanday innovatsiya bo‘ldi ekan», deb achchiq alam bilan yozadi tadbirkorlardan biri.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, tadbirkor xizmat ko‘rsatish yoki savdo nuqtasida foydalanayotgan onlayn kassa mashinasi uchun texnik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan belgilangan to‘lovni to‘lashi shart. Bunda to‘lov miqdorlari har bir markaz tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Masalaning eng nozik nuqtasi ham aslida shu yerda.
Biz kundalik hayotimizda ehtiyojlarimizdan kelib chiqib mobil aloqa kompaniyalari yoki internet provayderlaridan foydalanganimiz uchun pul to‘laymiz. To‘langan pulga mos ravishda bizga turli xil paketlar taqdim qilinadi. Yoki elektr energiyasi va boshqa kommunal xizmatlarga ham to‘lovlar ishlatgan miqdorimizga qarab belgilanadi.
Tadbirkor onlayn kassa apparatini o‘zi yaxshigina pulga sotib olsa, ishlatish uchun internet bilan ham o‘zi ta'minlasa, yana nima uchun har oy texnik xizmat ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmaganidan qat'i nazar, «texnik xizmat ko‘rsatish» uchun ortiqcha chiqim qilishi kerak?!
Bu amaliyot «yemagan somsaga pul to‘lash»ga o‘xshamayaptimi? Har qanday qurilma ham vaqt o‘tib eskirishi va texnik ta'minlashga muhtoj bo‘lishi tabiiy. Kassa apparatlarining doimiy ishlashidan tadbirkorlarning o‘zi ham manfaatdor. Biroq, har oyda emas, qurilmada muammolar yuzaga kelgandagina ko‘rsatilgan xizmatga qarab pul to‘lanishi kerak emasmi?
Masalan, biz mobil telefon xarid qilganimizda uning uchun bir marta to‘lovni amalga oshiramiz. Unga texnik xizmat ko‘rsatilishi uchun esa oyiga pul to‘lamaymiz. Texnik muammo paydo bo‘lsa, yuzaga kelgan nosozlikdan kelib chiqib, usta bilan kelishgan holda xizmatiga yarasha to‘lovni amalga oshiramiz.
Boz ustiga, uskunalar uchun oylik to‘lovlar qayerdan va qanday shakllanayotgani va qaysi asosga ko‘ra belgilanishi, ularga oy davomida qanday xizmatlar ko‘rsatilishi borasidagi ma'lumotlar ham ochiqlanmagan.
Quyida tahririyatga murojaat qilgan yana bir tadbirkorning fikrlarini keltirib o‘tamiz:
«Onlayn nazorat kassa mashinalari O‘zbekistonda 3 mln so‘m atrofida sotilmoqda. Xarid qilgan uskuna narxiga qo‘shimcha ravishda, unga ko‘rsatilgan xizmat uchun ham 200 ming so‘m to‘ladim. Biroq yana har oyda 75 ming so‘mdan to‘lov to‘lashga majbur bo‘lyapman. Onlayn ishlashi uchun internet bilan o‘zim ta'minlasam. Nega yana 75 ming so‘m to‘lashim kerak. Soliqchilar biz to‘lagan bu pullar davlat hisobiga tushmasligini aytdi», – deydi u.
Kun.uz mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi bilan bog‘landi. Qo‘mita bosh inspektori Ne'mat Rahmonovning aytishicha, onlayn nazorat kassa mashinalari 15 turda bo‘lib, ularning har biriga xizmat ko‘rsatuvchi markazlar mavjud. Ammo davlat ularning ishiga aralasha olmaydi.
«Onlayn nazorat kassa mashinasiga davlat emas, tadbirkorlik sub'yektlari xizmat ko‘rsatadi. Bu bo‘yicha ikki tomon o‘rtasida shartnoma tuziladi. O‘sha hujjatda qanaqa summaga kelishilgan bo‘lsa, 70 ming so‘mdanmi yoki tekinga xizmat ko‘rsatiladimi, tuzilgan shartnomaga amal qilinadi. Bu yerda qo‘mitaning ikki tadbirkorlik sub'yekti o‘rtasidagi kelishuvga aralashishga haqqi yo‘q. Shartnoma shartlari bajarilmasa, sud tartibida tomonlar e'tirozlari ko‘rib chiqilishi mumkin», – dedi u.
«To‘g‘ri, uskunalarga to‘lanayotgan pullar kattaroq va biz ham bunga e'tiroz bildiryapmiz. Lekin ular xususiy firmalar bo‘lgani uchun tadbirkorlar ishiga aralasha olmaymiz. «Qaranglar, tadbirkorlarga qiyinchilik bo‘lmasin, to‘lovni sal kamaytiringlar», deyapmiz. Lekin bu ularning ixtiyorida», — deydi qo‘mita mas'uli.
Avvalroq, qo‘mita vakili Hayotjon Nasrulloyev onlayn kassa mashinalarini bir marta o‘rnatgani uchun bir necha oy xizmat haqi olish qonunga zidligi haqida aytib o‘tgandi:
«Onlayn nazorat kassa mashinalarini o‘rnatish, ishlatib ko‘rsatish, uskunadan foydalanishni o‘rgatish, mahsulotlarni apparatga joylab ishga tushirib berish haqiqatda xizmat hisoblanadi. Lekin bu ish har oyda emas, faqatgina bir marta bajariladi. Keyingi oylarda ham tadbirkorlik sub'yektlaridan to‘lov talab qilinishi qonunchilik talablariga umuman mos kelmaydi.
Texnik xizmat ko‘rsatish markazlariga ham mazkur talablar aytilgan. Har bir tadbirkorlik sub'yekti birinchi navbatda o‘ziga mos keladigan ONKMni tanlaydi. Qolaversa, bu yerda texnik xizmat ko‘rsatish markazlari yoki ONKMni ishlab chiqaruvchilar ham o‘zining sotayotgan mahsuloti va ko‘rsatayotgan xizmatlarning bozordagi qiymati qanchalik yuqoriligidan kelib chiqqan holda mijozlari sonining ertaga kamayishi yoki yo‘qolishidan ham xavotirda bo‘ladi. Shuning uchun narx siyosatini to‘g‘ri ko‘rib chiqish kerak.
Keyingi bosqichda tadbirkorlik sub'yektlari o‘ziga ko‘proq mijoz bo‘lishini istasa, o‘zining tariflari va narxlarini imkon qadar arzon qilgan holda tadbirkorlik sub'yektlariga keng, qulay va sifatli xizmatlar yaratib bergani maqsadga muvofiq», – degan Hayotjon Nasrulloyev.
Soliq qo‘mitasi rasmiylariga ko‘ra, onlayn nazorat kassa mashinalari(ONKM) joriy qilinishiga asosiy sabab avval foydalanilgan nazorat kassa mashinalari cheklarida faqatgina umumiy summa bo‘lgan xolos. Ya'ni iste'molchi nima tovar sotib olgani, uning tarkibi nimalardan iborat ekani ko‘rsatilmagan. Hozirgi ONKMning asosiy talablaridan biri — berilgan chekda mahsulot tarkibi, miqdori va qancha qiymatda sotilgani aniq ko‘rsatib o‘tiladi. Mabodo iste'molchida qanaqadir e'tirozlar paydo bo‘ladigan bo‘lsa, u chek bilan birga kelgan holda o‘zining huquqlarini talab qilish imkoniyati mavjud.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi esa ushbu masalaga quyidagicha izoh bergan:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-son qarorining 2-bandiga muvofiq, amaldagi qonunchilik talablarida onlayn nazorat kassa mashinalari, virtual kassa va fiskal modulga texnik xizmat ko‘rsatish markazlarining xizmatlari uchun qo‘llaniladigan narxlari davlat tomonidan tartibga solinishi nazarda tutilmagan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi 943-son qaroriga ko‘ra, texnik xizmat ko‘rsatish markazi tadbirkorlik sub'yektlari bilan o‘zaro munosabatlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma asosida amalga oshirishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Endi vaziyatga yana boshqa tomondan qarab ko‘ramiz.
«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga asosan, tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari o‘z tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) bozor kon'yunkturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo‘yicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilishga haqli.
Texnik xizmat ko‘rsatish markazlarining xizmatlari uchun qo‘llaniladigan narxlari davlat tomonidan tartibga solinmas ekan, u holda nima uchun tadbirkorlarning ushbu markazlar bilan shartnoma tuzishi majburiy qilib qo‘yilgan? Nima uchun texnik xizmat ko‘rsatilsa-ko‘rsatilmasa unga oylik pul to‘lanishi kerak? Nima sababdan ikkinchi tomonning manfaatlari hisobga olinmagan?
Oxirgi yillarda davlat rahbari tomonidan tadbirkorlarga yengilliklar yaratish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolar tizimli hal qilindi, mantiqsiz cheklovlar olib tashlandi, soliqlar miqdori ham kamaytirildi.
Bu normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga solingan, deya o‘zini oqlashga va mas'uliyatdan qochishga urinadigan amaldorlarga bir voqeani eslatishni lozim topdik.
Yodingizda bo‘lsa xususiy bandlik agentliklari faoliyati qonuniylashtirilib, XBAlarning ish qidiruvchilar bilan shartnoma tuzishda erkin ekanligi belgilab qo‘yilgan edi. Buning oqibatlari nimalarga olib kelgani, minglab fuqarolarning milliardlab pullari ko‘kka sovurilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q.
Ana shunda davlat o‘zi yo‘l qo‘ygan xatoni tuzatdi: endi XBAlar o‘z mijozlari bilan istalgan summaga shartnoma qila olmaydi, ma'lum cheklovlar va muayyan talablar bor. Shu bilan bu sohadagi beqarorlik ham barham topdi, desak adashmagan bo‘lamiz.
Demak, hamma narsaning imkoni bor, tadbirkorlarga qo‘shimcha yuk bo‘layotgan bu mantiqsiz va ayni paytda nazoratsiz tizimni isloh qilish zarur.
Tadbirkorlar ONKMlar uchun har oylik majburiy abonent to‘lovi bekor bo‘lishini kutib yashashmoqda.
Doston Ahrorov
Mavzuga oid
14:34 / 20.12.2024
Yangilangan Bojxona kodeksi loyihasi ishlab chiqiladi
14:30 / 20.12.2024
O‘zbekistonda kamida 100 mlrd so‘m soliq to‘layotgan 142 nafar “chempion” tadbirkor paydo bo‘ldi
14:14 / 20.12.2024
Tadbirkorlarning tashqi moliya bozorlariga chiqishiga ko‘maklashuvchi markaz ochiladi
14:12 / 20.12.2024