O‘zbekiston | 14:29 / 13.11.2020
13684
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat tashkilotlarining xizmat avtotransportlari xatlovdan o‘tkaziladi va normativlardan ortiqcha bo‘lganlari auksionda sotiladi

Foto: KUN.UZ

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov qimmat narxlarda xizmat avtomobillarini sotib olayotgan davlat xizmatchilariga nisbatan cheklovlar qo‘llashdan boshqa chora qolmayotgani haqida fikr bildirdi.

“Afsuski, ayrim mansabdor shaxslar bugungi murakkab (pandemiya) sharoitida davlat mablag‘larining samarali sarflanishi naqadar muhim ekanligini to‘la anglab yetmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama bo‘layotgan – qimmat narxlardagi xizmat avtotransportlarini xarid qilish bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Bunday hollarda davlat xizmatchilariga “Halollik vaksinasi”ni normativ hujjatlar qabul qilib, tegishli cheklovlarni qo‘llash orqali singdirishdan boshqa chora qolmayapti”, – deb yozadi agentlik direktori.

Akmal Burhonovning ma'lum qilishicha, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida aynan shu kabi holatlarning oldini olish rejalashtirilmoqda.

“Loyihaga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar xodimlariga xizmat avtotransportlarni klassiga qarab biriktirish normativlari (eng yuqori narxlari) belgilanadi.

Jumladan, tuman, shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransporti narxi BHMning 1200 baravari (267 mln. 600 ming so‘m)dan oshmasligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘linmalari rahbarlari xizmat avtomashinasi narxi esa BHMning 700 baravari (156 mln. 100 ming so‘m)dan oshmasligi kerak bo‘ladi.

Davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud bo‘lgan xizmat avtotransportlari xatlovdan o‘tkaziladi va belgilangan normativlardan ortiqcha bo‘lgan xizmat avtotransportlari E-IJRO AUKSION orqali auksion savdolarda sotilishi ta'minlanadi.

Xizmat avtotransportlarini sotishdan tushgan mablag‘lar esa tegishlicha respublika budjetiga va Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy budjetlariga yo‘naltiriladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Bunda avtotransportning texnik holati, undan foydalanish xavfsizligi, shuningdek, yangisiga almashtirishning iqtisodiy maqsadi inobatga olinishi lozim bo‘ladi.

Bundan tashqari, xizmat avtotransportlaridan faqat xizmat maqsadlarida foydalanilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi hamda xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus portaliga, shuningdek, maxsus mobil dasturiy ta'minotiga foto va video materiallarni joylashtirish orqali xabar qilinadi.

O‘ylaymanki, mazkur hujjatning qabul qilinishi bugungi kun uchun juda dolzarb masalaga aylangan — budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, uning ustidan jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishiga xizmat qiladi”, – deb yozadi agentlik direktori.

Avvalroq, Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi soxta hujjatlar bilan 349 million so‘mga Equinox avtomobilini xarid qilgani ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid