Kun.uz ixtiyoriga Birlashgan Arab Amirliklarida qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarolariga doir qo‘shimcha ma’lumotlar kelib tushdi.

Avval xabar berilganidek, amirlik hududida isroillik ravvinni o‘ldirishda gumonlanib 3 o‘zbekistonlik qo‘lga olinishi fonida, 25 noyabr kuni Dubayda bir joyda yashab, turli ishlarda ishlagan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari ham hibsga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, ularning soni 9 nafar emas, ancha ko‘proq.

Hozirgacha qo‘lga olinganlardan 7 nafari qo‘yib yuborilgani ma’lum. Ulardan 4 nafarida BAA ishchi vizasi bo‘lgan, ular 25 noyabrdan 7 dekabrgacha ushlab turilgan. “Ularga yaxshi muomala qilishgan, jismoniy kuch ishlatilmagan. Qo‘yib yuborilgach, O‘zbekiston konsulligiga chaqirib, suhbat qilingan. Hozirda ishlab yuribdi”, – dedi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu fuqarolardan birining akasi.

Qo‘lga olinganlarning yana 3 nafari esa so‘roq qilish jarayonlaridan keyin O‘zbekistonga majburiy qaytarib yuborilgan. Qaytarib yuborilgan fuqarolardan biri Dubayda qo‘lga olinishi va 15 kundan ortiq ushlab turilishi doir tafsilotlarni Kun.uz'ga so‘zlab berdi.

“O‘sha yahudiy rohibning o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgach, biz ijarada turgan villa ustidan 3 kun davomida dronlar aylanib, bizni kuzatdi. Biz tushunib turdik, nimadir bo‘lishi mumkinligini. Lekin hech qayerga ketmadik, ishlab yuraverdik.

Keyin kechasi vertolyotda qora kiyimda “omonchilar” keldi, lazerli qurollari bilan vahimali tarzda bizni bosib olib ketdi. Ko‘zimizni bog‘lashdi, qayerga borganimizni ham bilmaymiz, davlat tashkilotimi yoki boshqa joymi…

U yerda 50 tacha o‘zbek va tojiklar bor edi. Birga yashaydiganlardan boshqasini tanimadim. Dastlabki 3 kun davomida faqat tergov va so‘roq qilishdi. O‘sha qotillik haqida gap bo‘lmadi. Qayerda yashagansan, nimalar qilasan, qiziqishing nima – shu kabi savollar berishdi. Telefonlarimizni tinmay titishdi. Jismoniy kuch yoki ruhiy bosim qilishmadi. Kim tergov qilganini ham bilmaymiz. Qaysi tilni bilasan, dedi, ruscha va turkcha desam, bittasi ruschada qiynalibroq, aksent bilan savol-javob qildi.

3 kundan keyin hamma alohida, qorong‘i kapsulada, faqat yeb-ichib izolyatsiyada bo‘ldik. Hech narsa gapirishmadi ham, so‘rashmadi ham. Bir-birimiz bilan ham gaplasholmadik. Dastlab ishchi vizasi bo‘lgan 4 kishini qo‘yib yubordi, ular Dubayda qolib ishlayotganini keyin bildim. Biz 3 kishini esa ko‘zimizni boylab, kishanlarda samolyotgacha olib kelib, uyga qaytardi. Telefon va pasportimizni berdi. Qolgan narsalarimiz: pullar, kiyimlarimiz, mening "pravam" ham qolib ketdi. Deport urdimi yoki yo‘qmi, bilmayman. Agar biz aloqamiz yo‘q ish uchun shunchalik holatga tushgan bo‘lsak yoki deport bilan borolmasak, judayam adolatsizlik bo‘ladi”