Otalarni qiynagan muammo bolalarga meros o‘tyapti: Boysunda “ijarada yurgan” maktab filiali bor
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi bu maktab filialini izlab topmadik. Shu yerlik aholi: “Bolalarimiz mana shu joyda o‘qiyapti” deyishganida, rosti, ishonmadik. Umuman, qarshimizda turgan bu binoda ta'lim berish mumkindir, ammo yuz yil avval shunday edi.
Mahalliy aholining aytishicha, Balandi qishlog‘ida yuz chog‘li xo‘jalik istiqomat qiladi. Qishloq hududiy jihatdan Darband mahallasiga qaraydi.
Bu filial mahalladagi 21-umumta'lim maktabiga qarashli ekan.
Sayyora Ro‘ziboyeva 29 yildan beri ushbu qishloqda istiqomat qilib kelayotganini aytmoqda. U kishining farzandlari asosan tuman markazidagi maktablarda ta'lim olgan. Ro‘ziboyevaning aytishicha, yillar davomida ushbu qishloq bolalari kimningdir uyi, oshxonasida o‘qib kelgan. Ayni vaqtda Sayyora opaning kenja qizi shu filialda ta'lim olayotgan bo‘lib, 7-sinfda undan boshqa o‘quvchi yo‘q.
Qir-tog‘li hududlar bo‘lgani sababli qishning sovuq kunlarida yosh bolalar turli qiyinchiliklarga uchraydi.
Baxtiyor Diyorov bu filialning holatidan hamma xabardorligini aytadi. Hatto viloyat kengashi deputati ham kelib ketgandi, deydi u. Baxtiyor akaning deyarli hamma farzandlari mana shu sharoitda, filial deyilayotgan binoda ta'lim olibdi.
“Nabiram, mana, 1-sinfga boryapti. Men uning bir o‘zini 6 kilometrga olisga jo‘natolmayman-ku. Ammo sinfda bir o‘zi o‘qiyapti”, – deydi u.
Qishloq 1985 yilda tashkil topgan ekan. Qurbi yetgan bolasini maktabga o‘zi olib boryapti, kimdir qo‘liga pul beryapti. Ammo qishloqda filial tashkil qilinsa, hamma farzandini shu yerda o‘qitishi mumkinligi aytildi.
Nazira Diyorova ham farzandlarini yuqori sinf bo‘lguncha shu filialda o‘qishini lozim toparkan. “5-6-sinfga o‘tgach, asosiy maktabga jo‘natamiz. Har kuni qo‘liga pul berish og‘irlik qilyapti, ammo ilojimiz yo‘q. Farzandlarimiz yaxshi ta'lim olishi, o‘qimishli bo‘lishini istaymiz. Bu filialda dars berayotgan o‘qituvchilarni umuman ayblamoqchi emasmiz, ammo sharoit shunaqa bo‘lsa, ular ham nima qilsin”, deydi Nazira opa.
Bino ichkarisini ko‘zdan kechirdik. Ikki xona, birining poli bor, biri shundoq tuproq yer. Chang ko‘tarilmasligi uchun suv sepib qo‘yilgan. Erta-indin qor-yomg‘irli kunlarda xonaning ahvoli qanday bo‘lishini tasavvur qilish unchalik qiyin emas. Soatlab bu xonalarda o‘tirgan o‘quvchining jiddiy xastalikni orttirib olmasligiga esa hech kim kafolat berolmaydi.
Nari borsa, o‘nta parta va shunga yarasha stullar berilgan ekan. Elektr energiyasining montaji ham havas qilarli emas.
Bu kabi filiallarni yoptirib yuborishdan osoni yo‘q. Qoidaga ko‘ra, uch kilometr masofaga borib ta'lim olish mumkin, degan vaj topish undan ham qulay. Ammo bir haqiqat bor, qishloq bolalari ikki qatlamga bo‘linib qolgan. Hamma ham bolasini betob bo‘lmasligi, zamon talabiga javob beradigan maktabda tarbiyalanishini istaydi. Masala shundaki, asosiy maktabga hammaning ham bolasi borolmayapti. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining mustaqil tarzda 5-6 yoki undan ortiq kilometrga borib kelishi ham oson emas, albatta.
Biz Boysun tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Bahriddin Sohibov bilan telefon orqali bog‘landik. Sohibov bu filialdagi holatdan yaxshi xabardorligini ma'lum qildi. Ayni vaqtda bu yerda zamonaviy maktab filialini qurish o‘zini qoplamas ekan. Chunki o‘quvchi qamrovi yetarli emas.
XTB mudiriga ko‘ra, qishloq o‘quvchilari nisbatan hududga yaqin bo‘lgan 54-umumta'lim maktabining koeffitsiyenti 1,5 foizga chiqqani sababli, 21-umumta'lim maktabiga borishga majbur bo‘layotgan ekan. 21-maktabga borguncha haqiqatan ham 15-16 km masofa yurilishi kerak. Hozircha yechim sifatida transport tashkil qilish lozim, dedi u.
Sohibovning aytishicha, transport masalasida viloyatga ma'lum qilingan va “Damas” avtomashinasi ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ammo hali bu taklif yechimini topgani yo‘q. Agar avtomashina ajratilsa, nafaqat 21, balki 12-maktabning filialida ta'lim olayotgan bolalarni ham asosiy maktabga olib borish mumkin bo‘ladi.
XTB mudiri Balandi qishlog‘idagi xaroba filialda o‘qiyotgan o‘quvchilarni 61-umumta'lim maktabiga qatnovini tashkil qilish taklifini bildirmoqda.
Bizningcha, avvalo ushbu hudud aholisi, maktab yoshidagi o‘quvchilar haqida to‘liq ma'lumot olinishi kerak. Agar haqiqatan ham qaysidir maktabning filialini qurish o‘zini oqlamasligiga ishonch hosil qilinsa, transport qatnovini yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi. Ammo bir holat kishini tashvishlantiradi, balandilik bolalarning qanday ahvolda ta'lim olayotganini viloyat kattalari, tizim mas'ullari allaqachon bilib bo‘lishgan. Ammo bir necha o‘n yillar o‘tib ketyaptiki, filial qurish yoki transport qatnovi bilan bog‘liq masalaga haligacha yechim topilmagan.
Umid qilamizki, bugun ta'lim olayotgan bolalar ertaga ulg‘ayib, ota-onalarining yoshiga yetganda, hozirgi muammolar haqida gapirishmaydi.
Darvoqe, bu maskanda ta'lim-tarbiya olayotgan bolalarning bugun tom ma'noda bilim olayotganiga ishonish kamida o‘zini aldashdan boshqa narsa emas.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
20:17 / 29.10.2024
“Odamlar qiynalishyapti” – boysunliklar hukumatdan amaliy yordam kutmoqda
15:36 / 20.09.2024
“Yigitlarni o‘limning og‘ziga olib borishgan” – M25 konida halok bo‘lganlarning yaqinlari
09:51 / 24.04.2024
“Tormozida nosozlik yuzaga kelgan” – Boysundagi mudhish YTH bo‘yicha ma’lumot berildi
11:03 / 23.04.2024