O‘zbekiston | 10:27 / 08.07.2024
19933
3 daqiqa o‘qiladi

“Qani SES, qani Soliq?” – Shavkat Umrzoqov poytaxt do‘konlaridan birida “reyd” o‘tkazdi 

Shahar hokimi Yunusobod tumanidagi do‘konda aholiga aynigan mevalar sotilayotgani bo‘yicha e’tiroz bildirgan. “Nima sotishyapti bular aholiga? Qayerga qarayapsizlar? Ertaga odamlar zaharlansinmi?” – deydi u.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov Yunusobod tumani Sobirobod mahallasidagi muammolarni o‘rgandi, deya xabar berdi hokimlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, mahallaga tashrif davomida yechimni talab qiladigan bir nechta jiddiy kamchiliklarga e’tibor qaratilgan.

Jumladan, mahalladagi savdo obektlari sanitariya-epidemiologiya va yong‘in me’yorlariga javob bermasligi, do‘konlarda aynigan sabzavot va mevalar sotilayotgani aniqlangan.

“Mana nima sotyapti, ahvolini qarang, ko‘ring. Qani SES, soliq, nima sotishyapti bular aholiga? Qayerga qarayapsizlar? Ertaga odamlar zaharlansinmi? [O‘riklar] mog‘orlab yotibdi. Olmalari ham shunday, tagiga suvlarigacha tushib ketgan”,– degan shahar hokimi.

Bundan tashqari, tashrifda infratuzilmani rivojlantirishga va aholining xavfsiz harakatlanishiga to‘sqinlik qilayotgan noqonuniy qurilmalar borligi ham aniqlangan. Hokimlikka ko‘ra, ularning mavjudligi zudlik bilan aralashuvni va qonunchilikka muvofiqlashtirishni talab qiladi.

“Qolaversa, mahalla ko‘chalari chiqindi bilan ifloslanib, sanitariyaga zid sharoitlarni yuzaga keltirmoqda. Bunda chiqindini belgilanmagan joylarga tashlagan aholining o‘zi ham mas’ul ekani ta’kidlandi. Bundan tashqari, chiqindilarni yig‘ish joylari yetishmaydi, bu esa muammoni yanada chuqurlashtiradi. Qurilish chiqindilari o‘z vaqtida olib ketilmayotgani hududning tashqi ko‘rinishini yomonlashtirib, harakatlanishga to‘sqinlik qilmoqda.

Mahallada daraxtlarning quruq shoxlari kesilmagan, bu esa, ayniqsa, shamolli ob-havoda shoxlarning odamlarning ustiga tushishi va jarohat olish xavfini keltirib chiqaradi.

Ariqlar chiqindiga to‘la bo‘lib, drenaj tizimlarini ifloslantiradi va yog‘ingarchilik mavsumida suv to‘planishiga olib keladi. Bu suv toshqini va sanitariya sharoitining yomonlashishiga olib kelishi mumkin”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Ta’kidlanishicha, 259-maktabdagi kapital rekonstruksiya jarayoni o‘rganilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Umrzoqov 2023 yil martida poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchisi sifatida, 2024 yil 3 aprelda rasman hokim lavozimida ish boshlagandi. 

Mavzuga oid