O‘zbekiston | 20:19 / 14.07.2022
19824
3 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan keyin Senat qarori ochiqlandi. Shu bahona ming so‘mlik tanga dizayni ham ma’qullangani oydinlashdi

Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati, Kun.uz tanqididan keyin, 200 ming so‘mlik yangi kupyura dizayni ma’qullanganini ko‘rsatuvchi Senat kengashi qarorini taqdim etdi. Qarordan ma’lum bo‘lishicha, ming so‘mlik tangalar ham muomalaga chiqarilishi kutilmoqda – kengash uning ham dizaynini ma’qullagan.

Foto: Kun.uz

Senat matbuot xizmati Kun.uz'ga taqdim etgan qarorga ko‘ra, yangi kupyura va tanga dizayni Senat kengashi tomonidan 5 iyul kuni ma’qullangan va shu kundan e’tiboran kuchga kirgan.

Bu haqda o‘tgan 9 kun davomida na Senat, na Markaziy bank jamoatchilikka xabar berishni o‘ziga ep ko‘rmay keldi. Shuningdek, Markaziy bankning yangi kupyura haqidagi e’lonida ham uning dizayni qonunga muvofiq Senat kengashi tomonidan ma’qullangani haqida ma’lum qilinmagandi.

5 iyuldagi qaror Senat saytiga qachon joylangani ma’lum emas, shunisi aniqki, bu haqda yuqori palataning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xabar berilmagan. Bundan tashqari, 5 iyul kuni Senat kengashi yig‘ilish o‘tkazgani haqidagi rasmiy xabarda ham yig‘ilishda yangi pullar masalasi muhokama qilingani haqida hech qanday ma’lumot keltirilmagan.

Ming so‘mlik tanganing allaqachon ma’qullangan dizayni nega e’lon qilinmayotgani, u qachondan muomalaga kiritilishi hozircha ma’lum emas. Markaziy bank matbuot xizmati bu borada ma’lumotga ega emasligi, ming so‘mlik tangalar 15 iyuldan muomalaga chiqarilmasligini ma’lum qildi.

Ming so‘mlik pul belgisi boshqa banknotlar kabi Buyuk ipak yo‘li mavzusidagi yangicha dizaynga o‘tkazilmasdan, tangaga aylantirilishi haqida shu yil boshida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov aytgan edi.

O‘zbekistonda muomaladagi eng yirik tanga – 500 so‘mlik 2011 yilda muomalaga chiqarilgan, 2018 yilda esa 50, 100 va 200 so‘mlik tangalar qatorida yangilangandi.

  • Ma’lumot uchun, ming so‘mlik tanga bungacha faqat esdalik sifatida chiqarilgan: 2009 yilda Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlab nominal qiymati ming so‘m bo‘lgan oltin va kumush tangalar zarb etilgan.
  • Og‘irligi 31,1 gramm, asillik darajasi 999,9 bo‘lgan bu esdalik tangalarning bugun, 14 iyuldagi narxi mos ravishda 21 mln 143 ming (oltin) va 414 ming (kumush) so‘mni tashkil etadi.

Mavzuga oid