Rasmiy Vashington va Moskva Suriyada tinchlikka erishish masalasida yil davomida ikkinchi bor o‘tkazilgan muzokarada ham kelishuvga erisha olmadi. Bu vaqtda esa Bashar Asad Halabga hujum boshlashi haqida e'lon qildi.
Payshanba kuni kechqurun Halabning sharqiy qismiga hukumat samolyotlari tomonidan ayovsiz hujum uyushtirildi va 45 kishi halok bo‘lib, tinchlik sulhi tuzilishi borasidagi umidlar chippakka chiqdi.
AQSh va Rossiya tomonlari amerikalik harbiylar Suriya harbiylariga havo zarbalari bergani hamda BMTning insonparvarlik yuklari ortilgan karvoni hujumga uchragani borasida (bu hujumda Rossiya samolyotlari ham ishtirok etgani gumon qilindi, rossiyaliklar esa hujumda AQSh droni qatnashganini iddao etdi) munozaraga kirishdi.
Tarkibida AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari hamda Yaqin Sharq mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarini o‘zida jamlagan "Suriyani qo‘llab-quvvatlash xalqaro guruhi" BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasi doirasida Suriyadagi inqiroz masalasini muhokama etishdi.
Uchrashuv Manxettendagi besh yulduzli mehmonxonada o‘tkazilib, Lavrovning ta'biri bilan aytganda "durang" bilan yakunlandi.
BMTning Suriya masalasi bo‘yicha maxsus vakili Staffan de Mistura esa "AQSh va Rossiya Suriyadagi vaziyatni izga solishni chindan istashiga ishonishini" aytib o‘tgan.
"Bu uzoq davom etgan, azobli va umidsizlikka to‘la uchrashuv bo‘ldi", degan diplomat yopiq eshiklar ortida kechgan bu muzokaralarga baho berarkan.
Shu bilan birga de Mistura "tinchlik sulhi tuzilishiga umidlar avvalroq ko‘mib bo‘lingani"ni qayd etib o‘tgan.
Kerri esa jurnalistlarga umidni yo‘qotmaslik kerakligini aytgan.
"Biz chiqib, butun dunyoga "biz kelisha oldik" deya olmaymiz", deya Kerrining so‘zlarini keltirgan Assoshieyted press.
Kerri o‘zaro ishonch tiklanishi uchun havodagi harbiy harakatlarni davom ettirayotgan tomonlar bu harakatlarini to‘xtatishi talab etiladi.
Lavrov ham Suriya muxolifati harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerakligini ta'kidlagan.















