O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 26 oktabr kuni «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonga imzo chekdi. Hujjatda «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasi, «Angren» va «Jizzax» maxsus industrial zonalari nomini birxillashtirish maqsadida ularni «Navoiy», «Angren» va «Jizzax» erkin iqtisodiy zonalar deb atash belgilandi.
Farmonda qayd etilishicha, mazkur hujjat mamlakatda yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, hududlarni raqobatdosh va eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga yanada faol jalb qilish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilma va logistika xizmatlarini jadal rivojlantirishni ta'minlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirishning eng muhim omili sifatida erkin iqtisodiy zonalarni izchil rivojlantirish borasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi.
Quyidagilar «Navoiy», «Angren» va «Jizzax» erkin iqtisodiy zonalari (keyingi o‘rinlarda — erkin iqtisodiy zonalar) faoliyatini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
xorijiy investorlarga mamlakatimiz iqtisodiyotining real sektorlariga investitsiya kiritishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida erkin iqtisodiy zonalar uchun yagona huquqiy rejimni belgilash, soliq va bojxona imtiyozlari, preferensiyalarni birxillashtirish;
mahalliy mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlaydigan va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan yuqori texnologiyali va mahalliylashtiriladigan zamonaviy korxonalarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni, avvalambor, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, erkin iqtisodiy zonalarning muayyan sohaga ixtisoslashuvini qo‘llab-quvvatlash va ularda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish;
erkin iqtisodiy zonalarda «yagona darcha» tamoyili asosida barcha turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishga, jumladan, ruxsat berish tartib-taomillariga bosqichma-bosqich o‘tish;
ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish;
oliy, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalarida erkin iqtisodiy zonalarning soha kadrlariga bo‘lgan hozirgi va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularning erkin iqtisodiy zonalarda joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashini nazarda tutgan holda, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etish.








