"Tafsilot.uz" sayti "Jamiyat" gazetasida chop etilgan "Notarial idoradagi nayranglar" nomli maqolani e'lon qildi. Maqolada bugungi kunda davlat notarial idoralarida ildiz otgan dolzarb muammolar qalamga olinadi.

Notarial idora — odamlarning ishi eng ko‘p tushadigan muassasalardan biri. Bu yerda bitimlar tasdiqlanadi, hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligi, hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan ko‘chirmalarning to‘g‘riligi shahodatlanadi, meros huquqi rasmiylashtiriladi, mol-mulkni o‘zga shaxsga o‘tkazish taqiqlab qo‘yiladi yoki ana shunday taqiq bekor qilinadi hamda qonunlarda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlar amalga oshiriladi.

«Notariat to‘g‘risida»gi qonunning 1-moddasida O‘zbekiston Respublikasida notariat qonunlarda nazarda tutilgan notarial harakatlarni hamda ular bilan bevosita bog‘liq huquqiy va texnik tusdagi harakatlarni notariuslar tomonidan amalga oshirish yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlashga da'vat etilgan huquqiy institut hisoblanishi, notarial harakatlar esa davlat notarial idoralarining notariuslari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Bundan anglashiladiki, mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularga malakali yuridik xizmat va yordam ko‘rsatish, huquqiy munosabatlarni ishonchli va tinch yo‘l bilan hal etish orqali huquqiy nizolarning oldini olish notarial idoralarning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Ammo, afsuski, amaliyotda hamma narsa qog‘ozda yozilgani kabi silliq va chiroyli bo‘lavermas ekan. Quyida xat-hujjatlarning qonunga muvofiq bo‘lishi uchun mas'ul bo‘lgan notarial idoralardagi qonunbuzarliklar, xizmat vakolatini suiste'mol qilib oddiy odamlarni chuv tushirayotgan notariuslarning xilma-xil nayranglari haqida so‘z yuritamiz.

Ijara shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi shart!

Rasman «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi» deb yuritiladigan, oddiy xalq «vaqtinchalik propiska» deb ataydigan hujjat respublikamizning boshqa hududidan kelib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishlayotgan yoki o‘qiyotgan yurtdoshlarimiz uchun katta ahamiyatga ega hujjatlardan biridir. Amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlar talabiga ko‘ra fuqarolar poytaxt shahri va viloyatida hisobga turish uchun kelgan kunidan boshlab besh kun muddatda o‘zi vaqtincha turgan joydagi militsiya tayanch punktiga belgilangan tartibda murojaat etishi kerak. Bu talabning bajarilmasligi ma'muriy javobgarlikka tortilish uchun asos bo‘ladi.