Qozog‘iston-O‘zbekiston biznes-forumi chog‘ida 1 milliard dollarlik 75ta shartnoma imzolash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Oqo‘rdada bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda ma'lum qilgan.
«Bugun katta biznes-forum bo‘lib o‘tmoqda, ikki tomondan 500 biznesmen qatnashmoqda. Menga aytishlaricha, qariyb bir milliard dollarlik 75 ta shartnoma tuziladi. Bu so‘nggi yillar ichida tariximizda birinchi marta kuzatilmoqda», — deya uning so‘zlarini keltirgan Tengrinews.kz.
Bundan oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi prezidentning tashrifi vaqtida Ostonada O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumi o‘tkazilishini ma'lum qilgandi.
Tadbir Ostonadagi «Mustaqillik saroyi»da O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonlarining taqdimotlari formatida bo‘lib o‘tadi, shuningdek, mamlakatlar kompaniyalari o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkaziladi.
Biznes-forumni o‘tkazishdan maqsad ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va mustahkamlash, qo‘shma korxonalar yaratish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini o‘rganib chiqishdan iborat.











