Lam xonim nomzodi saylovlarda Xitoy markaziy hokimiyati tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.

Pekin siyosati tarafdori, 59 yoshli Kerri Lam besh yillik muddatga Hongkong ma'muriyati rahbari etib saylandi. Markaziy saylov komissiyasidan xabar berishlaricha, u saylovchilar hay'ati a'zolarining 777 ta ovozini jamg‘argan. Birinchi turdayoq g‘olib bo‘lish uchun 600 ta ovoz yetarli edi. 

Lam nomzodi XXR markaziy hokimiyatining qo‘llovida edi va uning g‘alabasiga hech kim shubha qilmayotgandi. Uning asosiy raqibi, sobiq moliya vaziri Jon Tsang 365 ta ovoz olgan. Uchinchi nomzod, apellyatsion sudning sobiq sudyasi Hu Gosing uchun faqat 21 kishi ovoz bergan.

Kerri Lam — sobiq katta vazir, mahalliy ma'muriyatda "ikkinchi raqamli" inson edi (bu lavozimni u 2012 yildan 2017 yanvarigacha egallagan). U boshdan bosh saylovoldi poygasining shubhasiz favoriti hisoblanardi. Garchi Tsangning obro‘-e'tibori xalq o‘rtasida katta bo‘lishiga qaramasdan, Pekin aynan Keri Lamni qo‘llab-quvvatlay boshlagan, deb xabar beradi manbalar.

Hokimiyatning silliq almashinuvi

Hongkongning amaldagi ijroiya hokimiyati rahbari Lyung Chun-ying Keri Lamni saylovlardagi g‘alaba bilan tabrikladi va hokimiyatni to‘siqlarsiz topshirishini bildirib o‘tdi. 

Uning o‘zi o‘tgan yilning oxirida "oilaviy sharoitlarga ko‘ra" ikkinchi muddat uchun saylovlarda ishtirok etmasligini bildirib o‘tgan edi. 13 mart kuni Lyung Chun-ying XXR oliy kengashuv organi — Xitoy xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining Butunxitoy qo‘mitasi raisi o‘rinbosarligiga tavsiya qilindi.

U endi 1 iyul kuni Hongkongdagi vakolatlari tugaguncha har ikki lavozimda ishlab turadi. Saylov oldidan Lyung Chun-ying o‘z vorisi Pekin tomonidan bildirilayotgan yetarli ishonchdan foydalanmasa, Hongkong muxtoriyatning keng maqomidan mahrum bo‘lib qolishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. 

Omadli karera

Hongkong universitetining jamiyatshunoslik fanlari fakulteti bitiruvchisi Kerri Lam 1980 yilda davlat xizmatida ish boshlagan va hukumat tizimi va idoralarda bir necha lavozimlarda ishlagan. 2007–2012 yillarda Hongkongni rivojlantirish vaziri lavozimida ishlangan, keyin esa mahalliy ma'muriyatning katta vaziri bo‘lgan. Ingliz tilida erkin gaplasha oladi. Turmush qurgan, ikki farzandning onasi, katolik cherkoviga boradi.